15:46 / 29.03.2021
9872
Vengriya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

29-31 mart kunlari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

«Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Vengriya yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bosh vazir Viktor Orban tashrif dasturiga muvofiq ilmiy va tarixiy obektlar bilan tanishadi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, energetika, ta'lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV vakillari bilan uchrashuv chog‘ida davlat rahbarining yaqin kunlarga mo‘ljallangan rejalari, xususan, Viktor Orban boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrifi haqida ma'lumot berdi. Uning ma'lum qilishicha, Viktor Orbanning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi 30 mart kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

«Muzokaralardan kutilayotgan asosiy natijalardan biri – O‘zbekiston bilan Vengriya munosabatlari sifat jihatidan yangi bo‘lgan strategik darajaga chiqishidir.

Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib, mamlakatlarimiz ko‘p qirrali amaliy sheriklikni yo‘lga qo‘ygan va turli darajalarda faol muloqot qilib kelmoqda.

Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalar haqida gapirganda, so‘nggi to‘rt yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli uch barobarga o‘sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham hamkorlik samarali bo‘lib, tovar ayirboshlash hajmi ko‘paygan.

Albatta, hozirgi natijalar mavjud salohiyatga nisbatan ancha kam. Tashrifdan asosiy maqsad ham shu – tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish. Turli sohalarda, jumladan, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm yo‘nalishlarida hali foydalanilmagan juda katta imkoniyatlar bor.

Shu bois bugun Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, unda Vengriyaning OTP-Bank, Eksimbank, «Gedeon Rixter», «Xunbas», «Vitafort», «Meditop», «Xevesh-gep» kabi 40dan ziyod yirik kompaniya va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari qatnashib, o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqmoqda.

Bundan tashqari, Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini qo‘llash mo‘ljallangan. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi ham kelgan.

Umuman aytganda, tashrif doirasida iqtisodiyot, energetika, ta'lim, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik masalalari bo‘yicha 10ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning ilmiy-tadqiqot va tarixiy obektlar bilan tanishishi ham rejalashtirilgan. Tashrif 31 mart kuni yakunlanadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top