23:05 / 29.03.2021
8805

Xiaomi yangi smartfoni Mi 11 Pro’ni taqdim etdi

Foto: Getty Images

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 29 mart kuni yangi qurilmalari taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimotda bir nechta yangi gadjetlar, jumladan, Mi 11 Pro smartfoni namoyish qilindi.

Mi 11 Pro hozirda sotuvda bo‘lgan Xiaomi Mi 11’ning yaxshilangan versiyasi hisoblanadi.

Yangi smartfon 164,3x74,6x8,53 mm o‘lchamga ega. U Samsung’ning 6,81 dyuymli, 3200x1440 pikselli AMOLED-ekrani bilan jihozlangan. Ekran barmoq izi skaneriga ega va Gorilla Glass Victus himoya oynasi bilan ta'minlangan. Uning chap yuqori burchagida 20 megapikselli kamera joylashgan.  

Smartfonning asosiy kameralar bloki uchta kameradan iborat bo‘lib, 50 Mpli Samsung ISOCELL GN2 sensori va Dual Pixel Pro avtofokusiga ega kamerani, 13 Mpli OmniVision moduli va 5 karra optik hamda 50 karra gibrid kattalashtiruvchi 8 Mpli OmniVision teleobektivini o‘z ichiga oladi. Asosiy kamera soniyasiga 1920 kadr chastota bilan Full HD-video hamda soniyasiga 30 kadr bilan 8K-videoni olishi mumkin.

Qurilma 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 888 protsessori, Adreno 660 videotezlashtirgichi va Snapdragon X60 5G modemi bilan jihozlangan.

Xiaomi Mi 11 Pro’ning e'tiborga loyiq jihati kremniy-kislorodli anodga ega 5000 mA-soat sig‘imga ega akkumulyatori hisoblanadi. Gadjet quvvatlagichsiz taklif qilinadi, biroq Xitoyda uni bepul olish mumkin. Smartfon 67 Vtli simli va simsiz quvvatlagichdan quvvatlanadi. U qurilmaga 36 daqiqa ichida to‘liq quvvatlanish imkonini beradi.

Smartfon IP86 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoya olgan Xiaomi tarixidagi ilk qurilma bo‘ldi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, sinovlar vaqtida smartfon 42 metr suv ostiga tushirilganda ham ishlash qobiliyatini yo‘qotmagan.

Android 11 operatsion tizimi ostida ishlovchi yangi qurilma 8 Gb tezkor xotira va 128 Gb doimiy xotira (760 dollar), 8 Gb tezkor xotira va 256 Gb doimiy xotira (810 dollar) hamda 256 Gb doimiy xotira (870 dollar) bilan sotuvga chiqariladi.  

Top