22:17 / 30.03.2021
10385

Coca-Cola Uzbekistan'ni sotish jarayonining navbatdagi bosqichi yakunlandi

Jarayonning ikkinchi bosqichiga o‘tgan talabgorlar bilan axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risida bitimlar tuzildi.

Foto: Luke Sharrett / Bloomberg

2020 yil 16 dekabrda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bergan e'longa muvofiq, sotish jarayonining navbatdagi bosqichi yakunlandi.

Agentlikning xabar berishicha, Davlat tender komissiyasi qarori asosida davlat ulushini sotish jarayonining ikkinchi bosqichiga o‘tkazilgan talabgorlar bilan Davlat aktivlari agentligi hamda kompaniya o‘rtasida axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

«Davlat ulushini sotish bo‘yicha moliyaviy maslahatchi – «Rothschild & Cie» investitsiya banki tomonidan talabgorlarga ikkinchi bosqich yuzasidan jarayon xati yuborilib, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning 2017, 2018 va 2019 yillardagi moliyaviy hisobotlari, biznes rejasi hamda kompaniya faoliyatining moliyaviy, soliqqa oid, tashkiliy va huquqiy jihatlari batafsil bayon etilgan hisobotlar taqdim etildi», – deyiladi axborotda.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda talabgorlardan kompaniyani sotib olish bo‘yicha majburiy bo‘lmagan (indikativ) takliflar kelib tushgan. Mazkur takliflar «Rothschild & Cie» investitsiya banki va «Dentons» yuridik firmasi bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Davlat tender komissiyasining qarori bilan navbatdagi bosqichga o‘tkazildi.

Ayni paytda talabgorlar foydalanishi uchun Davlat aktivlari agentligi tomonidan KPMG xalqaro audit kompaniyasi va «Dentons» yuridik firmasi bilan birgalikda kompaniyaning moliyaviy, huquqiy, tashkiliy va boshqa axborotlarini o‘z ichiga olgan virtual ma'lumotlar bazasi yaratildi.

Jarayonning mazkur bosqichida talabgorlarga virtual ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda kompaniyaga oid qo‘shimcha o‘rganishlarni o‘tkazish, kompaniya taqdimotida ishtirok etish, kompaniya rahbariyati bilan muloqot hamda savol-javoblar sessiyasi uchun imkoniyat beriladi.

Ma'lumot uchun, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ O‘zbekistondagi gazlangan alkogolsiz ichimliklarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya mamlakatga 1993 yili kirib kelgan va ilk mahalliy ishlab chiqaruvchi zavod 1994 yili mart oyida ishga tushgan.

Ayni paytda kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushi 57,1 foizni tashkil etadi. Kompaniya ustav fondidagi 42,9 foiz ulush esa «The Coca-Cola Export Corporation»ga tegishli.

«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» Toshkent, Namangan va Urganchdagi jami 3 ta ishlab chiqarish zavodiga egalik qiladi.

Top