21:59 / 30.03.2021
3058
Farg‘ona viloyat prokuraturasiga kelgan ayollar «yo‘qotilishi» aytilgan audio yuzasidan viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimining suhbati sifatida yozib olingan audioyozuv tarqalgan. Prokuratura esa buni rasmiy bayonatida inkor etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimi sifatida e'tirof etilgan ikki nafar fuqaroning telefonda so‘zlashgan audiosi tarqaldi.

Telefon chaqiruviga Komilovman deya javob bergan yigitga suhbatdoshi Muhiddin aka deya murojaat qiladi. U o‘z so‘zida davom etib, prokuratura eshigi oldida uch nafar ayol turganini bildirib, ularning qabul qilingani bilan qiziqadi. Komilov esa telefonda berilgan savolga «Gaplashildi. Yo‘qot», — deya javob beradi.

Mazkur holatga Farg‘ona viloyat prokuraturasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Ta'kidlanishicha, ushbu audioyozuvda viloyat prokuraturasi binosiga biriktirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining o‘zaro suhbati qayd qilingan. Ushbu jarayonda prokuratura xodimlari ishtirok etmagan.

Hozirda Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani bildirilgan.

Shuningdek, rasmiy munosabatda Farg‘ona viloyat prokuraturasida fuqarolarning qabuli O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida» Qonuni talablari asosida yo‘lga qo‘yilgani ma'lum qilingan. 

Top