10:16 / 30.03.2021
43922
Koronavirus: O‘zbekistonda bir kunda ikki bemor vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 29 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 2 nafari vafot etgani haqida xabar qildi. Yil boshidan buyon kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari bittadan oshmagandi.

«2021 yil 29 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 82682 (+146) nafarni tashkil etmoqda», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Yangi kasallanish holatlarining eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etilmoqda:

  • 2 nafari Andijon viloyatida,
  • 3 nafari Buxoro viloyatida,
  • 2 nafari Namangan viloyatida,
  • 2 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 1 nafari Surxondaryo viloyatida,
  • 1 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 1 nafari Xorazm viloyatida,
  • 19 nafari Toshkent viloyatida,
  • 115 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shuningdek, 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 628 nafarga etdi. Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda bir kunda koronavirus oqibatida ikki kishining vafot etish holati so‘nggi bor 2020 yilning 30 noyabrida qayd etilgan. Shundan buyon SSV tomonidan e'lon qilingan statistikada faqat bir kishi vafot etayotgan edi.

Kecha kun davomida:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 nafar,
  • Buxoro viloyatida 6 nafar,
  • Jizzax viloyatida 2 nafar,
  • Toshkent viloyatida 22 nafar,
  • Toshkent shahrida 101 nafar bemor tuzalib, kasallikdan sog‘ayganlar jami 80799 (+132) nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil qilmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 1255 nafar bemor davolanmoqda, ulardan 191 nafari og‘ir, 85 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Avvalroq O‘zbekistonda mart oyidan boshlab koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paya boshlagani munosabati bilan bir qator ta'lim muassasalari vaqtincha yopilgani yoki ta'limni masofaviy shaklga o‘tkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 1 apreldan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top