22:58 / 30.03.2021
22577

Qarshida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ikki nafar qizni urib yuborgan haydovchi qochib ketdi

Qarshi shahrida haydovchilardan biri piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ikki nafar qizni urib, qochib ketgan. Tezkor surishtiruvlarda haydovchi topilib, unga chora ko‘rilgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yil 19 mart kuni soat 15:20 larda, Qarshi shahar, I.Karimov ko‘chasida joylashgan savdo markazi ro‘parasida, «Kobalt» avtomashinasi haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan D.B. va M.B.larni urib yuborib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan. Piyodalar B.D. va M.B.lar yengil tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Shundan so‘ng, Qarshi shahar IIO FMB YHXB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvda «Kobalt» haydovchisi topilgan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar to‘planib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga yuborilgan.

Qayd etilishicha, sud tomonidan haydovchi Sh.N. ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133 (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi, jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) va 137-moddalari (yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deya topilib, unga nisbatan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid
Top