12:50 / 31.03.2021
6908

Aholi talabini qondirish uchun keyingi 25 yil davomida yiliga 145 mingta uy qurish kerak – Moliya vazirligi  

So‘nggi 3–4 yilda O‘zbekistonda yiliga 30-35 mingta ko‘p qavatli turar joylar xonadonlari qurildi, ammo aholi talabini qondirish uchun har yili 145 mingta xonadon qurish zarur, deya ma'lum qildi Moliya vazirligi departament direktori Farruh Botirov.

Moliya vazirligi departament direktori Farruh Botirov 30 mart kuni o‘tkazilgan Senat qo‘mitasi yig‘ilishida aholi ehtiyoji uchun zarur uylar miqdori haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri 

«2017 yildan beri tashqi xalqaro moliya institutlari ekspertlari bilan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, aholining uyga bo‘lgan talabini qondirish uchun keyingi 25 yil davomida har yili 145 mingta uy qurishimiz kerak. Bu talabni bildiradi.

Biz esa oxirgi 3-4 yilda faqat 30-35 mingta uy qurganmiz. 145 mingta bilan 35 mingta orasida qancha ta'minlanmagan talab yotibdi.

Hozirda quruvchilar uy-joy qurish uchun fuqaroni oldindan biriktirib berish masalasini qo‘ymoqda. Tabiiy tanlash, bozor bu. Qurolmadimi, u yog‘iga boshqa quruvchi quradi yoki bankdan kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Endi quruvchilar ham bozorga moslashishi kerak. Fuqarolar uchun 145 mingta uy qurish darajasiga chiqish uchun hammaga teng imkoniyat yaratilmoqda», – dedi vazirlik rasmiysi.

Moliya vazirligi departament direktori Farruh Botirov

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta'minlash zarurligini aytgandi. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p uy-joylar qurilishi bildirilgan.

Shuningdek, moliya vaziri Timur Ishmetov aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan ta'minlashga doir yangi choralar haqida ma'lumot bergan.

Mavzuga oid
Top