18:23 / 31.03.2021
2196

«Odamlar masofaviy diagnostika yo‘qligidan norozi bo‘lishyapti» – Tibbiyot sohasi raqamlashtirilishi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan tadbirda O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha hisoboti deputatlar tomonidan muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni e'tirof etish bilan birga kamchiliklarni ham aytib o‘tdi.

«Biz hanuz amaliyotda telemeditsina asosida respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning joylardagi filiallari o‘rtasida yaqindan aloqa o‘rnatilganini ko‘rmayapmiz. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan qator boshlang‘ich loyihalar bilan aslo o‘zimizni xotirjam his qilishimiz kerak emas.

Joylarda odamlar haligacha har tomonlama masofaviy diagnostika va davolash imkoniyatlari kengaytirilmaganidan norozilik bildirishadi. Axir, aynan, bizning ilg‘or respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarimiz bunday tadbirlarni tashkil etishlari uchun zarur bo‘lgan vakolat va imkoniyatlarga ega, qolaversa, ular ushbu jarayonlarda yo‘lboshchi sifatida harakat qilishlari lozim», — dedi spiker o‘z so‘zida.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov hozirgi kunda uskunalar va dasturiy ta'minotdan iborat tegishli infratuzilma tayyorlanayotgani, raqamlashtirish uchun zarur uskunalar va kompyuter texnologiyalarini sotib olish uchun Osiyo taraqqiyot banki va KFW grantlari jalb qilinganini ta'kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar «IT-Med» MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Top