22:37 / 31.03.2021
9749
Samarqandda qoidani buzib qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan haydovchi piyodaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida qoidani buzib qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan haydovchi piyodani urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan piyoda hodisa joyida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil 29 mart kuni davlat ahamiyatidagi 4R43 Marjonbuloq-Zarmetan-Qo‘shrabot avtomobil yo‘lining Qo‘shrabot tumani Quralas mahallasidan o‘tgan 107 kilometrida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, 62 yoshli haydovchi o‘z boshqaruvida bo‘lgan «Spark» avtomashinasida harakatlanib ketayotganda quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan. U yo‘lning qarama-qarshi yo‘lagidan o‘tib, piyodalar harakatlanadigan qismiga chiqib ketgan va chap tarafda ketayotgan 56 yoshli ayolni urib yuborgan. Ayol olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, mazkur YTH sodir bo‘lgan mahallada viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan targ‘ibot muhokamasi o‘tkazilgan.

Top