21:09 / 31.03.2021
4380
Senat qo‘mitasi Qozog‘iston bilan chegara postida yuzaga kelgan tirbandlik bo‘yicha izoh berdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi «Daut-ota» chegara bojxona postida avtotransport vositalarining tirbandlik holati yuzaga kelishi internetda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tirbandlik sabablarini ma'lum qildi.

Xabar qilinishicha, o‘rganishlar davomida «Daut-ota» chegara bojxona posti orqali kirish va chiqish yo‘nalishida harakatlangan avtotransport vositalari oqimi quyidagi omillar sabab ko‘paygani aniqlangan:

-  pandemiya sharoitida Turkmanistonda karantin tadbirlari kuchaytirilgani hamda Turkmaniston hududi orqali avtotransport vositalari harakati cheklangani sababli avtotransport vositalari O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya – Gruziya - Turkiya yo‘nalishida harakatlanmoqda;

- havo harorati keskin pasayib ketishi natijasida Qozog‘iston Respublikasi, Aqto‘be oblasti, Irgiz qishlog‘i orqali o‘tuvchi yo‘l muzlashi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining janubiy oblastlariga yukni yetkazib beruvchi tashuvchilar uchun «Daut-ota» chegara bojxona posti orqali harakatlanish qulay bo‘lmoqda (masofaning qisqaligi va yo‘l xarajatlarining kamligi);

- O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan, tashqi savdo yuklarini tashuvchi tomonlar avtotransport vositalari uchun qulaylik va yengilliklar yaratilgani sababli Turkiya hududi orqali O‘zbekiston tashuvchilarining harakatlanishi ko‘paygan.

Senat axborot xizmatining ma'lum qilishicha, o‘zbek-qozoq davlat chegarasida yuzaga kelayotgan tirbandlik muammosini hal qilish uchun Davlat bojxona qo‘mitasi Qozog‘iston tomoni bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Top