23:11 / 01.04.2021
8068

AQSh bozori Bayden iqtisodiyot bo‘yicha rejasini taqdim qilgandan keyin rekord o‘rnatdi

AQShdagi yirik kompaniyalarning aksiyalarini kuzatuvchi S&P 500 indeksi tarixda birinchi marta 4 ming punktdan oshdi. Ushbu rekord ko‘rsatkich prezident Jo Bayden mamlakat iqtisodiyotini qutqarish bo‘yicha 2 trln dollarlik rejasini taqdim qilgandan keyin yuz berdi. 

Foto: Brendan McDermid / Reuters

Nyu-York birjasi ma'lumotlariga ko‘ra, indeks soat 18ga kelib 32 punktga o‘sib, 4004,92 punktga yetgan. Boshqa indekslar ham o‘sgan: Dow Jones 58 punktga, Nasdaq 230 punktga. Texnologik kompaniyalar orasida eng katta o‘sishni (2 foizdan ko‘proq) Facebook va Alphabet qayd qilgan.

Bozordagi bunday o‘sish Bayden iqtisodiyot bo‘yicha rejasini taqdim qilgandan keyin yuz bergan. Ushbu reja transport infratuzilmasini modernizatsiyalashga 621 mlrd dollar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlashga 400 mlrd dollar, sanoat tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga 300 mlrd dollar ajratilishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, 213 mlrd dollar arzon uy-joy qurilishiga, 100 mlrd dollar keng polosali aloqa tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.       

 Mart boshida AQSh kongressi mamlakat iqtisodiyotini jonlantirishga qaratilgan 1,9 trln dollarlik choralar paketini tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, AQShdagi barcha ishlovchi oilalarga 1,4 ming dollardan beriladi, ishsizlik bo‘yicha haftalik nafaqa esa 400 dollarga oshiriladi.

Top