11:43 / 01.04.2021
3374
AQShda Johnson & Johnson’ning 15 million doza vaksinasi yaroqsizga chiqarildi 
Foto: DPA

Johnson & Johnson kompaniyasining 15 mln doza vaksinasi Baltimor shahridagi zavodda yo‘l qo‘yilgan xatolik sababli yaroqsizga chiqarildi. Zavod ishchilari Johnson & Johnson vaksinasiga boshqa kompaniya vaksinasi tarkibiy qismlarini qo‘shib yuborishgan.        

The New York Times nashrining ta'kidlashicha, vaksina tarkibiy qismlarini aralashtirishdagi xatolik bir necha hafta oldin yuz bergan. 

Johnson & Johnson vaksina ishlab chiqarish uchun Baltimordagi Emergent BioSolutions kompaniyasini yollagan. Aynan shu kompaniya ishchilari xatolikka yo‘l qo‘ygan. Ta'kidlanishicha, kompaniyaga mutasaddi idoralar tomonidan vaksina ishlab chiqarish uchun hali ruxsat berilmagan bo‘lgan.  

Johnson & Johnson’da ma'lum qilinishicha, vaksinaning Baltimorda ishlab chiqarilgan partiyasi sifat nazoratidan o‘tmagan.  

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati Johnson & Johnson’dan kelgusida vaksinasi ishlab chiqarilishini bevosita o‘zi nazorat qilishini so‘ragan. 

Ta'kidlanishicha, hozirda mutasaddi tashkilotlar zavodda tekshiruv o‘tkazmoqda. Korxonani belgilangan standartlarga keltirish uchun bir necha kun yoki hattoki haftalar talab etilishi mumkin.

Johnson & Johnson vaksinasi hozirda AQShda koronavirusga qarshi qo‘llanayotgan uch vaksinadan biri hisoblanadi. Aytish joiz, AQShda vaksinaning Niderlandiyada ishlab chiqarilgan partiyasidan foydalanilmoqda. Shu sababli Baltimorda yuz bergan hodisa aholini emlashga katta ta'sir o‘tkazmasligi, biroq vaksina yetkazilishini ortga surishi mumkin.

Johnson & Johnson vaksinasi bir komponentli bo‘lib, uning samaradorligi 66,1 foizga baholangan.

Top