23:00 / 01.04.2021
8877
Ever Given kemasi egasi Suvaysh kanali ma'muriyati ko‘rgan zararni sudgacha to‘lab bermoqchi

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Suvaysh kanali ma'muriyati 1 mlrd dollarga yaqin zarar ko‘rgan.

Foto: Global Look Press

Suvaysh kanalini bir haftaga to‘sib qo‘ygan Ever Given kemasi egasi ishni sudgacha olib bormasdan kompensatsiya to‘lashni xohlamoqda. Bu haqda Misr prezidentining dengiz portlari va Suvaysh kanalini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi admiral Muhob Mamish ma'lum qildi.

 «Vaziyat sudgacha yetib bormaydi, kema egasi kelishuvga erishib kompensatsiya to‘lamoqchi», — dedi Mamish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ever Given sababli to‘xtab qolgan kemalar uchun kompensatsiyani ularning sug‘urta kompaniyalari to‘laydi.

Reuters agentligining Willis Re International sug‘urta brokeriga tayanib xabar qilishicha, Suvaysh kanalining to‘silib qolishi yirik da'volar va dengiz kemalarini sug‘urta qilish tariflari o‘sishiga olib keladi. Fitch reyting agentligining yozishicha, sug‘urtachilarga nisbatan da'volar summasi yuzlab million yevroga yetishi mumkin.

Suvaysh kanali 23 mart kuni Ever Given kemasining sayozlikka o‘tirib qolishi oqibatida to‘silib qolgandi. 29 mart kuni kemani sayozlikdan olishga va kanalda harakatni tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Ekspertlarning baholashicha, kanal bu vaqt ichida har kuni 12-14 mln dollar zarar ko‘rgan.

Suvaysh kanali ma'muriyati rahbari Usoma Robining so‘zlariga ko‘ra, ma'muriyat ko‘rgan zarar 1 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top