21:03 / 01.04.2021
8165

Inson a'zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini yaratish kerak - Shavkat Mirziyoyev

Tibbiyotdagi tizimli muammolar va ularning yechimiga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev so‘z oldi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Depositphotos

«Tibbiyotni isloh qilish oson emas. Buni yaxshi tushunaman, buning uchun dunyoqarash o‘zgarishi kerak. Olmaliqda Tibbiyot akademiyasining filialini tashkil qilamiz degan rejamiz bor edi. Bu masalani jadallashtirish kerak.

Respublika ixtisoslashgan markazlarning vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bog‘lash zarur. Har bir ixtisoslashgan markazga alohida talab bo‘ladi. Viloyatlarda filiali bo‘lmagan markaz endi kerak emas. Hali shunday vaqtlar keladi, tumanlarda ham filiallar ochamiz.

Toshkent shahridagi shifoxonalarni xatlovdan o‘tkazish natijasida, 30-40 foiz shoshilinch tibbiyot o‘rinlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangan.

Natijada, oilaviy shifokorlar tomonidan rejali davolanishga berilayotgan orderlar soni 6 baravarga oshib, yiliga 50 mingtaga yetkazildi (o‘tgan yili poytaxtda 8 mingta order berilgan).

Shuningdek, o‘tgan yili ixtisoslashgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan atigi 51 ming nafari (61 foiz) bepul order bilan ta'minlangan.

Joriy yilda buning uchun mablag‘ deyarli 1,5 baravarga ko‘paytirilib, qo‘shimcha 80 milliard so‘m ajratib, jami 250 milliard so‘mga yetkaziladi.

Yana bir masala – o‘tgan yilda birgina Xirurgiya markaziga murojaat qilgan 900 nafardan ortiq bemorlarga donorlar yaqin qarindoshi bo‘lmagani uchun operatsiyani o‘tkazish rad etilgan.

Oqibatda, ko‘pchilik fuqarolarimiz xorijda ushbu operatsiyani o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Oliy Majlis palatalari (Norboyeva, Ismoilov) bir oy muddatda inson a'zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini yaratish masalasini ko‘rib chiqishlari kerak.

Buni prezident talabi emas, xalqimizning ehtiyoji deb hisoblab, ko‘rib chiqinglar», – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid
Top