22:14 / 01.04.2021
52146
«Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz» - Shavkat Mirziyoyev koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev oldingi tartib tiklanishi, lekin iqtisodiyotga zarar keltirmaslik uchun hech qayer yopilmasligi, shu bilan birga tartib-intizom kuchaytirilishi, kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini ko‘rish kerakligini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida qilinayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Davlat rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtaldi.

«Bugungi muhim masala – pandemiya. Joriy yil boshida kuniga o‘rtacha 30-40 nafar bemor aniqlangan bo‘lsa, mart oyi o‘rtalaridan bu ko‘rsatkich – 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning o‘ta og‘ir kechishi, hattoki o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda.

Buning sababi – ko‘pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq bo‘lib qoldi», dedi prezident.

Bosh vazirga koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tun-u kun ishlaydigan «koll-markaz»lar va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan ta'minlash vazifasi qo‘yildi.

«Afsuski, bu baloning oxiri ko‘rinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qo‘shnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Xavf yonimizda yuribdi.

Shuning uchun ogoh bo‘lishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan bo‘lsak, shu tartibni tiklaymiz. Xudo ko‘rsatmasin, shuncha qilgan harakatimiz bekorga ketishi mumkin. Iqtisodiyot nuqtayi nazaridan juda katta marralar qo‘yganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz. Kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini ko‘rish kerak.

Tibbiyot xodimlari, yetakchi shifokorlar tushuntirish ishlarini yana qayta boshlasin. Hech qayerni yopmaymiz, lekin hamma talablarni kuchaytiramiz. Agar yana bir hafta cho‘zib yuborsak, ahvolimiz oldingi holatga qaytishi mumkin. Toshkentdagi vaziyat eng og‘ir, to‘ylarni 300 kishi, konsertlarni 4 ming kishilik qilib yubordik. Agar jiddiy qaramasak, vaziyat yana gazak olib ketishi mumkin», deya prezidentning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Aprel-iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. Hozirda 660 ming doza vaksina olib kelingan. Hukumat komissiyasiga Xitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaksina sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Fuqarolarni yashash manzili bo‘yicha emlash kuni va joyi haqida xabardor qilib borish muhimligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha vazirlar, hokimlar va tibbiyot muassasalari rahbarlari axborot berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top