20:29 / 01.04.2021
3291
Rishtondagi pochta binosi hech qanday ogohlantirishsiz bir kunda noqonuniy buzib tashlangan – AKT vazirligi

AOKAda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov ijtimoiy tarmoqlarda Rishton pochta aloqasi xodimlarining abgor binoda ishlayotgani aks etgan video tarqalgani va tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bo‘yicha vazirlik munosabatini e'lon qildi.

«Farg‘ona viloyati Rishton pochta aloqa bog‘lanmasi binosi 2019 yilga qadar zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan 3 qavatli binoda faoliyat yuritib kelgan. Farg‘ona viloyati va Rishton tuman hokimliklarining mutasaddi xodimlari tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz binoning bir qavatli qismi va uch qavatli qismining yarmi bir kunda noqonuniy buzib tashlangan. 

Shundan so‘ng pochta xodimlari vaqtincha ishlab turish uchun boshqa binoga ko‘chirilgan.

Mazkur masala bo‘yicha «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan iqtisodiy sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilingan. Sudning hal qiluvchi qaroriga ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» AJ foydasiga tuman hokimligi hisobidan 1,3 mlrd so‘m moddiy zarar undiriladi.

Rishton pochta aloqa bog‘lanmasi hozirgi binosi nafaqat ishchi-xodimlar, balki aholi uchun ham turli noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Masalaning asl mohiyati keng tahlil qilinmasdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Rishton tuman hokimligi tomonidan yetkazilgan zarar undirilishi bilan tuman pochta aloqa bog‘lanmasi uchun yangi bino sotib olish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib boriladi», – deya javob bergan vazirlik axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov.

Top