17:36 / 01.04.2021
25216

Shavkat Mirziyoyev: «Tibbiyot juda og‘ir ahvolda. Qanday og‘ir bo‘lmasin, buni tan olishimiz kerak»

Bugun, 1 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Kengaytirilgan tadbirda barcha vazirlar, qo‘mitalar rahbarlari, viloyatlar hokimlari ishtirok etyapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tibbiyotdagi islohotlarni jadallashtirish chora-tadbirlariga qaratilgan bu yig‘ilishda mavzu keng muhokama qilindi. 

“Biz islohotlarni boshlaganda ikkita masalaga jiddiy e'tibor qaratganmiz – sog‘liqni saqlash va tinchlik-osoyishtalik. Umuman, ta'lim bilan tibbiyot hayot-mamot masalasi. Tibbiyot juda og‘ir ahvolda. Qanday og‘ir bo‘lmasin, buni tan olishimiz kerak.

Mana, bir necha vazirlarning o‘rinbosarlarini o‘zim qisqartirib yubordim. Chunki byurokrat bo‘lib qolgan ular. 

O‘tgan yili noyabr oyida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, jumladan kasalliklarning oldini olish va patronaj xizmati ko‘rsatish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilinib, barcha masalalar hal qilib berilgan edi. Bugungi yig‘ilishda soha va hudud rahbarlari ana shu vazifalar ijrosi yuzasidan hisobot beradi.

So‘zga chiqadigan rahbarlar uchta savolga javob berishlari kerak:

  • birinchi – joriy etilgan yangi tizim bo‘yicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo‘lingani nimani ko‘rsatib berdi;
  • ikkinchi – mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlash boshlandimi va bundan qancha fuqaro minnatdor bo‘ldi;
  • uchinchi – tibbiyot muassasalarida qaysi xizmat pulli, qaysi bepul bo‘ldi.

Men qo‘yayotgan bu uch savolning javobi nima bo‘ladi? Har bir hokim aniq-aniq ishlar bo‘yicha o‘z rejasini bildiradi”, dedi prezident o‘z so‘zi boshida.

Mavzuga oid
Top