08:47 / 02.04.2021
6611

Ikkita pedagogika institutining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan Termiz davlat universitetining pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish va Qarshi davlat universitetining pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.

Foto: KUN.UZ

Norma’ning yozishicha, pedagogika institutlari asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • ta'lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash;
  • institutning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq etish;
  • o‘quv va ilmiy laboratoriya xonalari tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek ilg‘or tajribani tatbiq etish asosida o‘quv dasturlari va qo‘llanmalar ishlab chiqish;
  • xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoglarni tayyorlash.

Institutlarda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Institutlar davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Pedagogika institutlariga talabalarni bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Institutlar universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga ta'sir etmagan holda tekin foydalanadi.

Pedagogika institutlariga kafedra mudiri va professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish universitet kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Top