19:45 / 02.04.2021
1225
Jizzaxda quvib o‘tish qoidalari buzilishi ortidan bir joyda ketma-ket ikkita YTH ro‘y berdi
Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvib o‘tish qoidalari buzilishi tufayli bir joyda ketma-ket ikkita YTH ro‘y bergan. Avvaliga «Lacetti» «DAF» yuk mashinasining orqasiga borib urilgan. So‘ng ikkita «ISUZU» yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 27 mart kuni M39 Almati–Toshkent–Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi 1010-kilometrida «Lacetti» mashinasi «DAF» yuk mashinasiga borib urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Oqibatda, «Lacetti»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan. Surishtiruvda aniqlanishicha, «Lacetti» haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol tarzda buzib harakatlangan.

YHXB xodimlari mazkur hodisa bo‘yicha surishtiruv o‘tkazayotganda, sal narida yana bir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ikkita «ISUZU» yuk mashinasi oldinma-keyin ketayotganida biri ikkinchisiga yo‘l bo‘shatmagan. Shundan so‘ng ulardan biri qoidalarni buzib, o‘ng tarafdan quvib o‘ta boshlagan. Shu payt orqadan kelayotgan mashinaga yo‘l berish uchun yo‘lning o‘ng tarafidagi bo‘lagiga o‘tmoqchi bo‘lgan ikkinchi «ISUZU» unga to‘qnashgan. Ta'kidlanishicha, bu YTHda hech kim jarohat olmagan.

Top