16:00 / 02.04.2021
2697
O‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta'minlash texnik jihatdan tartibga solishning asosiy elementlaridan biri

Iqtisodiyotning turli tarmoq va davlat boshqaruvida qo‘llanadigan o‘lchash natijalarining aniqligi, xolis va ishonchliligini ta'minlamasdan turib, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi.

So‘nggi ikki-uch yil ichida milliy metrologiya sohasida o‘lchashlar yagonaligini ta'minlash, ularning xalqaro darajada e'tirof etilishiga erishish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Davlat rahbarining tegishli qarori bilan sohada aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy institutsional usullarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda, metrologiya yo‘nalishi bo‘yicha qonuniy-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahriri qabul qilindi.

Bu o‘z navbatida, metrologik infratuzilmani tubdan yangilash, xalqaro munosabatlarni amalga oshirish, xorijiy davlatlarning milliy metrologiya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xususiy sektorning metrologik xizmatlardagi ulushini oshirish va eng muhimi, xodimlarning malakasini, ham ilmiy, ham kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga zamin yaratdi.

Institut tomonidan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosiga (BIPM) a'zo bo‘linib, Milliy o‘lchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarining o‘zaro e'tirof etilishi to‘g‘risida kelishuv (CIPM MRA) imzolandi.

So‘nggi uch yil ichida sohaga 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar jalb etildi. 50 nafardan ziyod mutaxassislar Germaniya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Moldova, Belarussiya va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytdilar.

Massa, harorat va bosim laboratoriyalarining o‘lchash imkoniyatlari xalqaro darajada tan olindi. Kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarining

102 ta davlat tomonidan o‘zaro e'tirof etilishini ta'minlash maqsadida Yevrosiyo davlat metrologiya tashkilotlari hamkorligi (KOOMeT) doirasida 12 ta solishtirish loyihalari bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatildi.

Davlat rahbarining metrologiya tizimiga bo‘lgan e'tibori natijasida davlat budjetidan 21 dona etalon xarid qilish uchun 5,8 mln. dollar ajratilib, milliy etalonlar bazasini 33 donaga yetkazish rejalashtirildi.

Ayni damda respublikada yuqori aniqlikdagi o‘lchashlarning kuzatiluvchanligini ta'minlash maqsadida, milliy etalonlar soni 9 tadan 19 taga yetkazilishi orqali 10 ta kalibrlash laboratoriyalari tashkil etildi va 72 ta guruhdagi o‘lchash vositalarini kalibrlash xizmati joriy etildi. 2017-2020 yillarda jami 5 mlrd. so‘mlik 133 dona uskuna xarid qilindi hamda qiyoslash va kalibrlash bo‘yicha 45 ta yangi o‘lchash uslubi o‘zlashtirildi.

Barchamizga ma'lumki, ilm-fan, texnika taraqqiy etgan hozirgi davrda aniq o‘lchashlarsiz sifatli va xavfsiz mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin emas. Bu borada oziq-ovqat va sanoat xavfsizligi sohalarida standart namunalarni yaratish bo‘yicha 3 ta ilmiy loyiha amalga oshirildi.

Jadallik bilan rivojlanib borayotgan iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojini tizimli tahlil qilib borish va sanoat bilan hamnafas bo‘lish maqsadida, ya'ni investitsiyalar va texnik ko‘mak loyihalarini keng jalb etish borasida ham bir qator muhim ishlar amalga oshirildi.

2019-2021 yillarda Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) bilan - 617,3 ming dollarlik, Germaniyaning JENOPTIK Robot GmbH (ATLAS) kompaniyasi bilan - 93 ming yevrolik investitsion loyihalar hamda Germaniyaning Fizika-Texnika Federal Instituti (RTV) bilan hamkorlikda 1,6 mln. dollarlik beg‘araz texnik ko‘mak loyihalari amalga oshirildi.

Yana bir muhim jihat – COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitni inobatga olib tibbiyot va energetika sohalarida sayyor metrologik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2 ta maxsus zamonaviy mobil laboratoriyalar ishga tushirildi.

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” doirasida “Ye- Metrologiya” axborot tizimi ishga tushirildi. Bu o‘z navbatida ko‘rsatilayotgan metrologik xizmatlarni raqamlashtirish, ularning shaffof va tezkorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda ishlab chiqarish sohasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta'minlashga qaratilgan va ularni o‘tkazishga sarflanadigan xarajatlar mahsulotni tayyorlashga ishlatiladigan umumiy sarf-xarajatlarning 20 foizini tashkil qilmoqda.

Unutmaslik lozimki, noto‘g‘ri o‘lchash salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Misol uchun, ishlab chiqarishda - sifatsiz mahsulot, tibbiyotda - noto‘g‘ri tashxis, qurilishda – aniq asosga ega bo‘lmagan bino, inshootlar, ekologiyada atrof-muhitning zaharlanishi va hokazo salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti oldida turgan muhim vazifalardan biri, bu CIPM MRA kelishuvi doirasida to‘laqonli ishtirok etish hamda laboratoriyalar imkoniyatini xalqaro miqyosda kengaytirish orqali O‘zbekistonda amalga oshirilgan o‘lchashlarning xorijda e'tirof etilishiga erishishdir. Bunda qo‘shni davlatlarda o‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilgan holda metrologik xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, kalibrlash laboratoriyalarining xalqaro akkreditatsiya sohasini qo‘shimcha 4 ta (uzunlik, fizik-kimyo, elektr va kuch) o‘lchash turlariga kengaytirish lozim bo‘ladi.

Ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va sohada xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 5 mlrd so‘m bo‘lgan 6 ta ilmiy-texnik loyihani oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda amalga oshirish;

 Sohadagi islohotlarning joylarda keng amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida, viloyatlardagi metrologik infratuzilmani rivojlantirish orqali 16 ta hududiy filial negizida massa, bosim, harorat va elektr o‘lchash turlari bo‘yicha yangi kalibrlash laboratoriyalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, metrologiya tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish, nafaqat milliy iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini oshirish, balki eksport hajmlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom investitsiyaviy muhit yaratilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Matbuot xizmati

Top