19:15 / 02.04.2021
3592
“O‘zbekneftgaz”: “Uzbekneftegaz GTL” ASSA xalqaro uyushmasining guvohnomasiga ega bo‘ldi

Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan, umumiy qiymati 3,6 mlrd dollarlik “Uzbekneftegaz GTL” zavodidagi qurilmalar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Bu ishlarni amalga oshirish uchun hozirgi kunda qurilish maydoniga 500 dan ziyod texnika, 9,5 ming nafardan ortiq ishchi jalb etilgan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu investitsion loyihani o‘z vaqtida foydalanishga topshirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tashkil qilingan “Ishchi” guruh muntazam tarzda "GTL" zavodida bo‘lib, qurilish-montaj ishlarini sifatli va qisqa vaqtda tugatish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Bugungi kunda loyiha o‘zining yakuniy bosqichiga yetib keldi. Umumiy ishlar ko‘lamining 95 foizi bajarildi.

Ayni paytda zavodning tashqi elektr ta'minoti obektlari ishga tushirildi va zavod tizimdan elektr energiyani qabul qilishni boshladi. Zavodning markaziy boshqaruv pulti, nazorat o‘lchov va avtomatika tizimining 2-sonli boshqaruv binosi, nazorat o‘lchov va avtomatika uskunalari uchun siqilgan havo ishlab chiqarish qurilmalari ishga tushdi.

Joriy yilning fevral oyi boshida esa “Uzbekneftegaz GTL” zavodida birinchi marotaba yong‘inni o‘chirish suv tizimi 82-sonli qurilmasi ishga tushirildi.

2021 yilning 3 mart kuni yana bir ajoyib natijaga erishildi. “Uzbekneftegaz GTL” zavodiga “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvuridan ilk bor yoqilg‘i gazi qabul qilindi. Yoqilg‘i gazini qabul qilish boshlanishi bilan zavodning yoqilg‘i gaz tizimi (78-sonli qurilmasi) ishga tushirildi va texnologik uskunalar hamda qurilmalarni sozlash va ishga tushirish ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanadi.

Shuningdek, “Uzbekneftegaz GTL” zavodida birinchi qozonxona qurilmasi ishga tushirilib, bug‘ ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Xushxabarlardan yana biri yaqinda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi tashkilotlar orasida “Uzbekneftegaz GTL” birinchilardan bo‘lib “Diplomga ega sertifikatlangan Buxgalterlar uyushmasi” (ASSA)ning Akkreditatsiyalangan ish beruvchi (ACCA Approved Employer) maqomini qo‘lga kiritdi.

Ushbu maqom Kompaniyaning moliya va buxgalteriya sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashda yuqori sifatga ega ekanligini anglatadi. Buxgalterlar uyushmasining akkreditatsiyasini qo‘lga kiritish va uning a'zosiga aylanish kompaniya xodimlariga jahonning ilg‘or amaliyotlariga asoslangan o‘quv dasturi doirasida qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish sharoitini yaratadi.

Uyushma a'zolari moliyaviy hamjamiyat mutaxassislari bilan tajriba almashish, ACCA tadbirlari va vebinarlarida ishtirok etish, shuningdek, muntazam ravishda mashg‘ulotlarda malakasini oshirishi mumkin.

ACCA dunyo bo‘ylab 630 000 dan ziyod a'zo va talabalarni, shuningdek, 7400 akkreditatsiyalangan ish beruvchilarni o‘z ichiga olgan professional buxgalterlarning notijorat xalqaro tashkiloti hisoblanadi. Uyushma 1904 yilda Birlashgan Qirollikda tashkil etilgan va hozirgi kunda 181 mamlakatda faoliyat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, ba'zi moliyaviy xalqaro tashkilot va banklar tomonidan ASSA sertifikati mavjud bo‘lgan kompaniyalardan notarial tasdiqlash va apostil kabi qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi.

Uyushma tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar buxgalterlar va moliyachilar uchun yagona xalqaro malakasi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tasdiqlangan. ACCA guvohnomasi kasbiy hamjamiyatda eng nufuzli maqomlardan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Loyihalash quvvatiga erishgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadigan, 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladigan zavodning so‘nggi bosqich qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top