10:52 / 02.04.2021
4230
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar 10 gektargacha ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin

“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs dehqon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligi dehqon xo‘jaligi boshlig‘ining davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrifi vositasida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hisobga qo‘yiladi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bunda davlat boji va yig‘im undirilmaydi.  

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi 0,06 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan dehqon xo‘jaligining ixtisoslashuvi asosida faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, bunday yer uchastkasida 10 boshgacha chorva molni o‘tlatishga yo‘l qo‘yiladi. 

Yer uchastkasida yengil konstruksiyali issiqxonalar va boshqa imoratlar, shuningdek sug‘orish inshootlaridan tashqari inshootlar va imoratlar, shu jumladan yer osti inshootlari aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasiga ko‘ra dehqon xo‘jaligi boshlig‘i taqdimnomani olgan kundan e'tiboran 15 kun ichida ixtiyoriy ravishda o‘z hisobidan buzib tashlashi hamda yer uchastkasini oldingi holatga keltirishi shart.

Dehqon xo‘jaligi o‘z ixtisoslashuvini, shu jumladan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.

Dehqon xo‘jaligi o‘zi ishlab chiqarayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narxlar belgilaydi.

Davlat dehqon xo‘jaliklarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.

Dehqon xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lgan yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz maqbullashtirishga (qisqartirishga, o‘zgartirishga va boshqalarga) yo‘l qo‘yilmaydi.

Top