22:51 / 02.04.2021
5158

«Qonunni hamma hurmat qilishi shart»: Ruminiya sog‘liqni saqlash vaziri niqob taqmagani uchun jarimaga tortildi

 U epidemiologik choralarni buzgani uchun jarimaga tortilgan ikkinchi vazir bo‘ldi.

Ruminiya sog‘liqni saqlash vaziri Vlad Voykulesku himoya niqobi taqmagani uchun 1500 ley (360 dollar) jarima to‘ladi, deb yozmoqda digi24.ro nashri.

Xabar qilinishicha, 29 mart kuni vazirning parlament vestibyulida niqob taqmagan holatdagi surati chop etilgan. Jurnalistlar Voykuleskuni qo‘lida niqob ushlagancha bir erkak bilan gaplashib turganini suratga olgan. Ular orasidagi masofa 2 metrdan kam bo‘lgan.

 «Shubhasiz, men nohaq edim va barcha tanqidlar to‘g‘ri. Qoidaga amal qilish lozim», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

 U epidemiologik choralarni buzgani uchun jarimaga tortilgan ikkinchi vazir bo‘ldi. Mart oxirlarida jamoat joyida niqob taqmagan mehnat vaziri Raluki Turkan 500 ley (120 dollar) jarima to‘lagandi.

 Mamlakat bosh vaziri Florin Kitsu ikkala vazirdan ham jarima to‘lashlarini so‘raganini aytdi.

«Barcha ruminlar qonunni hurmat qilishlari shart», — dedi u.

2020 yil noyabrda Ruminiyada koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan cheklovlar kuchaytirilgandi. Mamlakatda soat 22:00dan 5:00gacha komendantlik soati amal qiladi, niqob taqish majburiy etib belgilangan. 

Mavzuga oid
Top