13:50 / 02.04.2021
13646
Yaponiyaga ishlash uchun borish: Toshkentdagi Yapon tili va kasbiy malaka markazi direktori bilan suhbat

Oxirgi yillarda mehnat migratsiyasiga boruvchi o‘zbekistonliklar uchun xorijiy mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirishga harakat qilinyapti. Fuqarolarni qonuniy asosda ishga yuborish tashkil etilayotgan davlatlardan biri – Yaponiya.

Yaponiyaga qonuniy ravishda, o‘z bilimi va intilishi bilan, uchinchi shaxslarni aralashtirmay qanday borish mumkin, degan savolga atroflicha javob olish maqsadida Toshkentdagi Yapon tili va kasbiy malaka test markazida bo‘ldik. Savollarimizga markaz direktori Dilafro‘z Ikromova javob berdi.

Markaz qachon ochildi, qanday funksiyalarni bajaradi?

— 2020 yil 27 noyabrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi «Ishga marhamat» monomarkazi, Yaponiyaning Sanko Global Group Co. Ltd va Nippon Academy Educational ko‘p tarmoqli ta'lim klasteri bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida Yapon tili va kasbiy malaka test markazi tashkil etildi.

Markaz Yaponiyada ishlashni istagan fuqarolarni Yaponiyada ishlash uchun kasbga tayyorlaydi, til o‘rgatadi va tashkillashtirilgan holda Yaponiyaga jo‘natish ishlarini amalga oshiradi. Unda yangi «MUDIE-Multi-Dimensional Education» ko‘p qamrovli intensiv ta'lim, ya'ni innovatsion multimedia metodi asosida o‘qitiladi.

Yapon tili va kasbiy malaka test markazi  direktori Dilafro‘z Ikromova

Shuningdek, maxsus malakali ishchilarni yuborish va qabul qilish jarayonining muntazamligini va shaffofligini ta'minlash (xususan, yomon niyatdagi vositachi tashkilotlar faoliyatiga chek qo‘yish) hamda maxsus malakali ishchilarni yuborish, qabul qilish va Yaponiyada ro‘yxatdan o‘tkazish masalalarini hal qilish, maxsus malakali ishchilarni to‘liq himoya qilish ham markaz vazifalariga kiradi.

Saralashdan o‘tgan fuqarolar uchun markazda o‘qish bepul

— Bugungi kunda Yaponiyada ishlash uchun tayyorlov kurslarida o‘qishga qiziqish bildirgan fuqarolar soni 400dan ortiqni tashkil etmoqda. Ularning 12 foizi – Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi fuqarolar. Ular orasidan Yaponiyada ishlash mexanizmi talablariga javob beradiganlar fuqarolar saralanib, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi granti hisobiga o‘qitiladi.

Kurslar 2 semestrdan iborat bo‘lib, 6 oy davom etadi. Bitiruvchilarga Yaponiya ta'lim muassasasini bitirganligi haqidagi diplom beriladi.

Yaponiyada odatda bunday kurslarda o‘qish kontrakt to‘lovi o‘rtacha 4 ming dollarni tashkil etadi. Aytish joizki, markazda tahsil olish orqali Yaponiya bilim yurti diplomini ortiqcha sarf-xarajat qilmasdan, Yapon tili va kasbiy malaka test markazida imtiyozli tarzda tahsil olib, qo‘lga kiritish imkoniyati bor.

Kelajakda kasbiy malaka kurslari turlarini yana 12taga ko‘paytirish, shuningdek, markaz filiallarini respublikaning barcha viloyatlaridagi «Ishga marhamat» monomarkazlari huzurida tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, markazda Yapon madaniyati va hayot tarzi, Yaponiya immigratsiya qonunlari, ushbu kunchiqar mamlakat tartib-qoidalari, chet ellik fuqarolar foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar, korporativ odob ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Bugungi kunda markazda yapon tili, qariyalar boquvchisi va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha kasbiy malaka kurslari o‘qitilmoqda.

***

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qiling. Unda Yaponiyada ishlash uchun qanday talablar borligi, stajyor viza va tokteginou maxsus malaka vizasi o‘rtasidagi farq, ikki turdagi viza bilan borgan mehnat migranti qancha maosh olishi, chet ellik ishchilar Yaponiyada qaysi sohalarda ishlay olishi haqida ham so‘z boradi.

Shuningdek, Yaponiya tomonidan chet ellik ishchilarni jalb qilish tartibi, imtihonlar, til bilish darajasi, fuqarolar qayerga murojaat qilishi kerakligi haqida ham ma'lumot berilgan.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Top