16:44 / 03.04.2021
5212
Antimonopoliya qo‘mitasi «Uzbekistan Airways»ning yo‘lovchilar bagaji uchun yangi to‘lov miqdorlari belgilaganiga munosabat bildirdi

Kun.uz saytida “Uzbekistan Airways”ning yo‘lovchilardan bagaj uchun alohida haq (o‘rtacha 10 AQSh dollari) undira boshlagani amaldagi qonunlarga zid tarzda amalga oshirilgani tanqid qilingan hamda bu masalaga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligidan munosabat so‘ralgan edi.

Shundan so‘ng Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bu masala yuzasidan Kun.uz’ga munosabat taqdim etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Uzbekistan Airways” AJ kutilmagan tarzda yo‘lovchilardan bagaj uchun alohida haq (o‘rtacha 10 AQSh dollari) undira boshlagani, kompaniya buni yangicha qoidaga o‘tish deb baholayotgani, ammo bu qonunchilikka zid hisoblanishi to‘g‘risidagi maqolalar keng muhokama qilinmoqda.

Xususan, Kun.uz tomonidan e'lon qilingan maqolada kompaniyaning ushbu harakatlari qonunga zid bo‘lib chiqayotgani, ya'ni “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonun 7-moddasining to‘rtinchi qismiga binoan, yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi lozimligi ma'lum qilingan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ushbu holat yuzasidan ma'lumot berishicha, qo‘mita tegishli qaroriga asosan “Uzbekistan Airways” AJ Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar davlat reyestriga kiritilgan.

“Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonun 7-moddasida qayd etilgan, jumladan yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi lozimligi to‘g‘risidagi shart tabiiy monopoliya sub'yektlari uchun belgilangan bo‘lib, “Uzbekistan Airways” AJ tabiiy monopoliya sub'yekti bo‘lmagani sababli ushbu shart unga tatbiq etilmasligi aytiladi.

Havo kodeksining:

  • 98-moddasida yo‘lovchi belgilangan tarif bo‘yicha parvoz uchun, yuk tashuvchi belgilagan me'yordan ortiq qo‘l yuki bo‘lgan taqdirda esa bunday qo‘l yuki uchun ham haq to‘lash majburiyatini olishi;
  • 102-moddasida yo‘lovchiga belgilangan me'yor doirasida bagaj va qo‘l yukini tekin o‘zi bilan olib uchish huquqi berilishi;
  • 105-moddasida tashish ishlarini tashkil qilish va tariflarni qo‘llash, yig‘imlar to‘lash, qatnovni kiraga sotish qoidalari tashuvchi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanishi qayd etilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2011 yil 29 iyunda 2238-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalarining 1-bandida bagajni bepul tashish og‘irligi tashuvchi tomonidan belgilangan erkin tashish me'yoriga mos kelgan, qo‘shimcha yig‘imlar to‘lovisiz tashiladigan bagaj ekani, bunday me'yorni tashish haqi yo‘lovchi tashish tarifiga kiritilgani belgilangan.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 19 avgustdagi PF-5781-son farmonida “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airpors” AJni rivojlantirish bo‘yicha qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yo‘li bilan aviaqatnovlar narxini optimallashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba joriy etishni nazarda tutuvchi barqaror biznes-model ishlab chiqish belgilangan.

Shu munosabat bilan, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan narxlarni barqarorlashtirish maqsadida bagajsiz tariflar ishlab chiqilgan, shuningdek muqaddam amalda bo‘lgan bagajli tariflar ham o‘z kuchida qolgan.

Qo‘mita tomonidan bir necha bor “Uzbekistan Airways” AJ xizmatlari narxlari o‘rganilgan bo‘lib, narxlarning xorijiy davlatlar, qolaversa qo‘shni davlatlar aviakompaniyalari narxlaridan yuqori ekani kuzatilgan.

Biroq, narxlarning yuqoriligi jamiyat tomonidan monopol yuqori narx qo‘llagani yoki ustun mavqeni suiiste'mol qilgani natijasida emas, balki jamiyatning saqlash xarajatlari yuqoriligi va ish jarayoni samaradorligi bilan bog‘liq holda kelib chiqqani ma'lum bo‘lgan.

“Bugungi kunda hukumat topshiriqlari asosida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik korxona va tarmoqlarni transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda, jumladan “Uzbekistan Airways” AJ ham ular qatorida.

Shu sababli, qo‘mita tomonidan “Uzbekistan Airways” AJni transformatsiya qilish ishlarini amalga oshirish jarayonida, xizmatlar narxini barqarorlashtirish, sohada raqobat muhitini shakllantirish hamda tarmoq raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga kiritilgan.

Ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-son qaroriga muvofiq yo‘lovchilarni havo yo‘llari orqali tashish xizmatlari narxi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat tomonidan tartibga solinishi belgilanmagan.

O‘z navbatida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Uzbekistan Airways” AJ xizmatlari narxlarini shakllantirishda monopol yuqori narx qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bozordagi monopol mavqeyini suiiste'mol qilmasligi doimiy o‘rganilib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.

Top