14:56 / 03.04.2021
2132
Bayden xalqaro jinoyat sudi xodimlariga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni bekor qildi

2020 yil iyunda Tramp AQShning Afg‘onistondagi harbiylari sodir etgan jinoyatlarni tergov qilishga aloqador XJS xodimlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida farmon chiqargandi.

XJS / Foto: Getty Images

AQSh ma'muriyati Donald Tramp tomonidan xalqaro jinoyat sudi (XJS) xodimlariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi.

Davlat departamentining xabar qilishicha, XJS prokurori Fatu Bensuda va sud bo‘limlaridan birining rahbari Fakiso Mochochokoga nisbatan kiritilgan sanksiyalar bekor qilingan.

«Bundan tashqari, davlat departamenti XJSning ayrim xodimlariga nisbatan 2019 yilda joriy etilgan viza cheklovlari to‘g‘risidagi farmonni ham bekor qildi», — deyiladi xabarda.

 2019 yilda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington AQSh harbiylarining harakatlari ustidan tergov olib borgani uchun xalqaro jinoyat sudi xodimlariga nisbatan sanksiya kiritishga tayyorligini aytgandi.

2020 yil iyunda Tramp AQShning Afg‘onistondagi harbiylari sodir etgan jinoyatlarni tergov qilishga aloqador XJS xodimlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida farmon chiqardi.

2020 yil sentyabrda esa Tramp ma'muriyati sud tergovni davom ettirayotgani uchun XJS prokuroriga nisbatan sanksiya joriy etilganini e'lon qildi.

XJS 2002 yilda Haagada tashkil etilgan. Sud harbiy jinoyatlar, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ish olib boradi. AQSh ushbu sud faoliyatida qatnashishdan bosh tortgan.

Top