14:01 / 03.04.2021
19418

Bloomberg: Jahon bozorida oltin inflatsiyasi ro‘y bermoqda

2020 yilning avgust oyidan beri oltin narxi 19 foizga pasayib ketgan. O‘zbekiston oltin eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri ekanligidan kelib chiqib, bu mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin. Xususan, 2020 yilda respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini oltin tashkil qilgan.

Foto: Dario Pignatelli/Bloomberg

2021 yilning birinchi choragida oltin narxi sezilarli darajada arzonlashdi. Qimmatbaho metall o‘tgan yilning avgust oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 19 foizga pasayib ketdi va pandemiya boshlanishidan avvalgi — 2020 yilning fevral oyidagi darajasiga qaytdi.

Ammo oltin uchun muammolar hali ham dolzarb bo‘lib, kutilmagan hodisalar bo‘lib kelmoqda.

Oltin narxining arzonlashishiga qimmatbaho metallning eng yuqori narxga ko‘tarilgan paytdan keyingi SOVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashdagi taraqqiyot ham ta'sir ko‘rsatdi. Vaksinalar ishlab chiqarish va vaksinatsiya jarayoni o‘sha paytdagi kutilmalardan ancha tezroq sodir bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi choragi so‘nggi o‘n yilliklardagi obligatsiyalar bozori uchun eng yomon davr bo‘ldi. 1980 yilning birinchi va uchinchi choragidan beri Barclays Treasuries indeksi 4 foizga arzonlashib ketgan. Obligatsiya narxlarining pasayishi o‘z navbatida oltin narxlariga ham bevosita ta'sir ko‘rsatgan.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, oltin narxlarining pasayishiga kripto-valuta maydonida yangi raqobatchilar paydo bo‘lishi ham ta'sir ko‘rsatgan. Bitkoyn singari kripto-valutalar narxining oshishi va ularga bo‘lgan talabning kuchayishi qimmatbaho metallga bo‘lgan talabni pasaytirgan. Finbold ma'lumotlariga ko‘ra, bitkoyn fyucherslaridagi savdo hajmi tez o‘sib, oltin oldi-sotdisi kamaymoqda.

Oltin himoya aktivi hisoblanib, iqtisodiyotning pandemiyadan qanday chiqishi va obligatsiyalar rentabelligi uning narxlariga ta'sir qiluvchi muhim omillar hisoblanadi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda muhim ahamiyat kasb etuvchi oltin eksporti

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil davomida sotilgan nomonetar oltin miqdori 687 tonnani tashkil etgan.

O‘zbekiston oltin eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Xususan, 2020 yilning yanvar—dekabr oylari yakunlari bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini (5 milliard 804 million dollar) oltin tashkil qilgan. 2019 yilda oltin eksporti 4 milliard 918 million dollar bo‘lgani qayd qilingan.

Joriy yil 1 mart holati bo‘yicha, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 33,2 mlrd dollar bo‘lib, shundan quyma shakldagi monetar oltin qiymati 19,73 mlrd dollarni tashkil etmoqda. 1 fevral holati bo‘yicha zaxiradagi monetar oltin hajmi 0,2 million troya unsiyasiga (6,2 tonna) oshganiga qaramay, jahon bozorida oltin narxlari arzonlashishi sababli oltin zaxiralarining narxi 0,5 million dollarga pasaygan. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralarining katta qismi monetar oltin shaklida ekani hisobga olinsa, jahon bozorida qimmatbaho metall narxlarining pasayishi oltin-valuta zaxiralarining kamayishiga olib kelishi mumkin.

2020 yil iyul hamda avgust oylarida O‘zbekistonda oltin eksportining oshgani qayd etilgan.

2020 yil avgust oyi boshida oltin narxi tarixda ilk marta unsiyasi uchun 2000 dollardan oshib, rekord darajada – 2067 dollarga ko‘tarilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida O‘zbekiston umuman oltin eksport qilmagan. Bu eksport hajmining 43,2 foizga kamayib ketishida muhim omil hisoblanadi.

Top