20:53 / 03.04.2021
1379
Qo‘qonlik haydovchi YPX xodimiga dollarda pora taklif qildi

Qo‘qonda haydovchi mast holatda avtomobil boshqargani uchun avtomobili jarima maydonchasiga tushdi. Uni olib chiqish uchun esa YPX xodimiga 300 dollar taklif qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 25 mart kuni, Farg‘ona viloyati IIB YHXB YPX xodimi tomonidan 1978 y.t. fuqaro I.T.ga nisbatan mastlik holatida “Neksiya” rusumli avtomobilni boshqarganligi bo‘yicha ma'muriy bayonnoma tuziladi. Haydovchi boshqaruvidagi avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yiladi.

Shundan so‘ng, fuqaro I.T. Qo‘qon shahar IIO FMB YHXB ma'muriy huquqbuzarlik materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha inspektori I.O.ga o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlarni ijobiy hal qilib tegishli tartibda sudga yubormaslik evaziga 400 AQSh dollari miqdorida pora taklif qiladi.

Mazkur holat bo‘yicha, YPX xodimi I.O. 29 mart kuni rahbariyatga bildirgi beradi. O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XB Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro I.T. Qo‘qon shahar IIO FMB YHXB binosidagi I.O.ning xizmat xonasida unga 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtda ushlanadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar dastlabki tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top