15:46 / 03.04.2021
624
Surxondaryoda TerDUga o‘qishga kiritaman deb 2 nafar shaxsni 7,5 ming dollarga chuv tushirgan firibgarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Termiz shahrida yashovchi shaxs ikki nafar fuqaroni Termiz davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, ularning biridan 5,5 ming, ikkinchisidan 2 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olib, o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 19 mart kuni Qumqo‘rg‘on tumani M.Qoraboyev mahallasida yashovchi, A.T. va Sherobod tumani G‘ambur mahallasida yashovchi, M.H. (ayol) Termiz shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Ular o‘z arizasida firibgarning yolg‘onlari bois moddiy zarar ko‘rganini bildirgan.

Arizaga muvofiq o‘tkazilgan surishtiruvda, Termiz shahrining Bog‘ishamol mahallasida yashovchi, shaxs 2018 yil oktabr oyida T.A.ni Termiz davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini bildirgan. T.A. unga ishonib, 5,5 ming dollarni berib yuborgan.

Firibgar shaxs 2019 yilning yanvar oyida M.H.ni ham shu universitetga o‘qishga kiritishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Undan ham 2 ming dollarni olib, o‘zlashtirib ketgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 25 mart kuni firibgarlik yo‘li bilan moddiy manfaat ko‘rish maqsadida ushbu jinoyatni sodir etgan K.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi «b» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Top