15:43 / 04.04.2021
16621
Internetda Efiopiya armiyasi qatliom uyushtirgani tasvirlari tarqaldi. Hukumat bu videolar dalil emasligini aytmoqda

BBC nashri Efiopiya shimolida kamida 15 kishi halok bo‘lgan qotillik Efiopiya armiyasi tomonidan sodir etilganiga oid ma'lumotlarni e'lon qildi.

Mart oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda qurollangan formali shaxslar bir guruh qurolsiz odamlarni jarlik yoqasiga olib borgani aks etgan video tarqaladi. Videodagi ba'zi odamlar yaqin masofadan o‘qqa tutiladi, jasadlari esa jarlikdan pastga uloqtiriladi.

BBC Africa Eye guruhi mazkur qirg‘in mamlakat shimolidagi Tigray yaqinidagi Mahbere Dego shahrida sodir bo‘lganini aniqladi.

Qayd etish joiz, Tigrayda Efiopiya armiyasi va muxolifatdagi «Tigray ozodlik xalq fronti» (TPFL) o‘rtasida to‘qnashuvlar butunlay tinmagan.

Efiopiya armiyasi noyabr oyida muxolif kuchlarga qarshi operatsiya boshlagandi. Bosh vazir Abiy Ahmed bu tashkilot harbiylari hukumat armiyasi shtab-kvartirasiga hujum qilganini aytgandi.

Federal hukumat tomonidan mintaqadagi ta'sirni oshirish bo‘yicha qilingan harakatlariga e'tiroz bildirgan «Tigray ozodlik xalq fronti» armiyaga qarshi turishga qat'iy qaror qilgan.

Tigray Muvaqqat ma'muriyatiga ko‘ra, mojarolar natijasida hozirga qadar ikki milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Mintaqadagi to‘rt milliondan ortiq odam esa yordamga muhtoj ekani aytilmoqda.

Qurollangan odamlarning soyalari

BBC Africa Eye guruhi qirg‘in sodir bo‘lgan joyni aniqlash uchun Bellingcat va Newsy kabi telekanallar mutaxassislari bilan birgalikda ish olib bordi.

Ijtimoiy tarmoqda videolarni tarqatgan odamlar ushbu tasvirlar Mahbere Dego yaqinida suratga tushirilganini ma'lum qilishdi.

Africa Eye guruhi videolardagi joylarni ushbu hududning sun'iy yo‘ldosh tasvirlari bilan taqqosladi.

Qurollangan kishilarning soya yo‘nalishi va uzunligi qirg‘in sodir bo‘lgan kun vaqtini aniqlashga imkon berdi. Shuningdek, ko‘lankalar jarlikning shimoliy-janubiy o‘qida bo‘lgani aniqlandi.

Videodagi jarlik tasvirlari xaritaga joylashtirildi. Qurigan daryo tubi, hududning o‘simlik qoplami va daraxtlarning joylashish o‘rni ham qatliomning aniq joyini aniqlashga imkon yaratdi.

BBC Mahbere Dego shahrida yashovchi odam bilan telefon orqali muloqot qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Efiopiya armiyasi yanvar oyida ushbu shahar va uning atrofidagi aholi punktlaridan uch nafar qarindoshi ham ularning tarkibida bo‘lgan 73 kishini olib ketgan. Shundan so‘ng ulardan hech qanday dom-darak bo‘lmagan.

BBC, shuningdek, qatliom sodir bo‘lgan hudud yaqinidagi qishloqda yashovchi, qatliomda akasi o‘ldirilgan kishilardan biri bilan ham suhbatlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘in yanvar oyida Mahbere Dego shahrida sodir bo‘lgan. «Ularni jarlikda o‘ldirishdi», deydi u.

Africa Eye jamoasi videodagi qurolli shaxslarning kim ekanligini aniqlay olmagan.

Biroq kamuflyaj naqshlari, cho‘ntaklar, kesimlar va Efiopiya bayrog‘i rangidagi detallar Efiopiya milliy mudofaa kuchlari (ENDF) formasiga mos keladi.

Shuningdek, qurollanganlardan biri ENDF’nikiga xos yashil beret kiyib olganini ko‘rish mumkin.

Efiopiyaning rasmiy ona tili – amhar tilida so‘zlashuvchi ushbu qurollangan odamlar birinchi videoda yerga cho‘kkalab o‘tqazib qo‘yilgan qurolsiz odamlarning tepasida o‘zaro gaplashishadi.

«Biz bu odamlarni qo‘yib yubormasligimiz kerak. Hatto bittasini ham», deydi videoda ko‘rinmagan bir odam.

«Ular qanday o‘lim topganini videoga olishimiz kerak», deydi yana bir kishi.

Qolgan to‘rt videoda esa qurolsiz erkaklarning jarlik labiga olib ketilayotgani aks etgan. Qurolli shaxslar ba'zi mahbuslarni o‘ldirib, jasadlarini jarlikdan pastga tashlaydilar.

«Qani endi ularni yoqish uchun benzinimiz bo‘lsa»

Videolarning ayrim qismlarida qurollangan shaxslar tutqunlarni yaqin masofadan o‘qqa tutayotganini ko‘rish mumkin.

«Qani endi ularga benzin quyib, yoqib yuborsak», degan gaplar eshitiladi ba'zi epizodlarda. «Benzin bo‘lsa-ku juda yaxshi bo‘lar edi. Hindular singari yoqib yuborardik», deydi boshqa bir odam bunga javoban.

Fuqaro libosidagi o‘ldirilgan odamlarning shaxsi noma'lum. Biroq video orqali bilish mumkinki, ular tigray tilida so‘zlashishgan.

«TPFL’ning kuni bitdi. Hech kimga rahm-shafqat yo‘q», deydi qurollanganlardan biri. Bu gap shunga ishora qilmoqdaki, o‘ldirilganlar Tigray Xalq ozodlik kuchlaridan bo‘lgan.

Human Righs Watch tashkiloti Afrika mintaqasi direktori Letitsiya Baderning BBCga aytishicha, kuzatuvchilar so‘nggi oylarda mintaqada jiddiy qonunbuzarliklarga guvoh bo‘lishgan, ammo bu tasvirlar nihoyatda tashvishlidir.

«Qurolsiz odamlar qatl etilganga o‘xshaydi. Buni tekshirish kerak. Chunki tasvirlar urush jinoyatlariga ishora qilmoqda», deydi Bader.

BBC ushbu holat yuzasidan Efiopiya hukumatidan izoh so‘radi. «Ijtimoiy tarmoqdagi postlar va ayblovlar dalil hisoblanmaydi», deb javob qildi hukumat BBC’ning ushbu talabiga.

Bayonotda, shuningdek, Tigray mintaqasi mustaqil tekshiruv uchun ochiq ekanligi ham ta'kidlanadi. 

Top