21:32 / 04.04.2021
22571

O‘zbekistonlik talabalarga Rossiyaga qaytishga ruxsat berildi

Foto: Izvestiya

Rossiya hukumati qator davlatlardan bo‘lgan talabalar RF hududidagi oliy ta'lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish uchun mamlakatga kelishiga ruxsat berdi. Bu haqda Rossiya Fan va oliy ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, RF hukumatining 31 mart kuni qabul qilingan farmoyishiga ko‘ra, O‘zbekiston, Tojikiston, Venesuela, Germaniya, Suriya va Shri-Lankadan bo‘lgan talabalar, aspirantlar, ordinator va tayyorlov fakultetlari tinglovchilari o‘qishni davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, vazirlik hali Rossiya Federatsiyasiga qaytmagan xorijiy talabalarni qabul qilishga to‘liq tayyor bo‘lgan davlat ta'lim muassasalari reyestrini shakllantirishi belgilangan.

Xorijiy ta'lim oluvchilarni qabul qilishga tayyor bo‘lgan universitetlar talabalar ro‘yxatini tuzish uchun davlat xizmatlari portali bilan hamkorlik olib bormoqda. Bu talabalar quruqlikdagi nazorat-o‘tkazuv punktlaridan foydalanishiga imkon beradi, bu esa ularning mamlakatga kirib kelishini osonlashtiradi.

Xorijlik talabalar Rossiyaga kirishidan avval kamida 10 kun oldin elektron pochta orqali universitetni chegarani kesib o‘tish sanasi haqida xabardor qilishi lozim bo‘ladi. Talaba Rossiyaga kirishdan kamida 3 kun avval koronavirusni aniqlash uchun test topshirishi (PsR usulida), agar natija manfiy chiqsa, o‘z mamlakatida rus yoki ingliz tilida tegishli hujjatni olishi kerak.

Bundan tashqari, xorijlik talabalar Rossiya hududiga kirgach, 72 soat ichida takroran PsR-test topshirishi lozim. Test natijalari chiqqunicha ular yashash joylarida o‘z-o‘zini yakkalash tartibiga amal qiladi. Izolyatsiya vaqtida ta'lim onlayn formatda kechadi. 

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish davomida Rossiyaga kelgan chet ellik talabalarda o‘tkir respirator kasalliklarning ilk alomatlari (haroratning oshishi, tomoq og‘rishi, shamollash, yo‘tal) paydo bo‘lsa, ta'lim oluvchi zudlik bilan bu haqda universitetni xabardor qilishi va shifokor chaqirishi lozim.

Talabalar, aspirantlar, ordinatorlar, tayyorgarlik fakultetlari talabalari uchun Rossiyaga kelishidan oldin va undan keyingi birinchi haftalarda nima qilish kerakligi to‘g‘risidagi bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar ularga elektron pochta orqali yuboriladi, universitet veb-saytlarida va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.

Talabalarda savollar tug‘ilsa, Fan va oliy ta'lim vazirligining Situatsion markaziga +7(495)198−00−00 telefon raqami yoki scminobr@mail.ru elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkin.

Top