11:55 / 04.04.2021
11491

Yakkabog‘da ko‘prik qurilishi material kechikkani sabab to‘xtab qoldi: tabiat buni hisobga olarmikan?

Yakkabog‘ tumani Guliston mahallasini ikkiga bo‘lib turgan daryo ustidagi ko‘prikni sel olib ketgach, aholi ancha qiynalib qolgan. Bir muddat avval ko‘prik tiklanishi boshlangan edi, biroq bugungi kunda qurilish ishlari ularga noma'lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida bo‘ldi.

Darhaqiqat, xalq tili bilan aytganda, Qizildaryoning o‘zani anchagina keng ekan. Ayniqsa, yog‘in-sochinli mavsumda suv sathi ko‘tarilib, aholiga noqulaylik tug‘dirib kelgan.

Mahalla faoli Tohir Donayev mazkur ko‘prikni ikki yil avval sel olib ketganini aytdi. Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu ko‘prik orqali bir necha qishloq va ko‘cha aholisi Eski Yakkabog‘ shaharchasiga chiqishgan. Faolning aytishicha, maktab o‘quvchilari o‘tib-qaytishda qiynalib qolgani sababli 2020 yilda mahalla ahlining sa'y-harakati bilan ko‘prik o‘rni biroz tartibga keltirilgan. Ammo bu «qo‘lbola ko‘prik»ning bardoshi bir marta sel kelgunicha ekani ko‘rinib turibdi.

«Daryoga yaqin hududda yashayman. Yaqin ellik yil mobaynida bunchalik katta sel kelganini ko‘rmagandim. Ellik-oltmish yillik katta ko‘prikni bir soat ichida olib ketganiga guvoh bo‘ldik. Maqsadimiz, mana shu ko‘prikni tezroq qurib berishsin. Daryoning narigi tomonida yashayotganlar farzandini maktabga jo‘natishga qo‘rqib qolgan. Shu yergacha kelib, bolalarni o‘tkazib qo‘yishadi.

Mana, bir yildan beri ustalar kelib qo‘l uchida ishlab, yana ko‘rinmay ketishadi. Mana, ozmi-ko‘pmi ish olib borildi, beton quyishdi. Yana yog‘inli mavsum boshlanyapti, agar shu kunlarda sel kelsa, mana shuncha mehnat havoga sovuriladi», — deydi Xayriniso Rajabova.

Guliston mahallasining yana bir faoli Jamoliddin Kamolov ham qurilish sohasidan xabardor ekanini aytdi. U kishining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda daryo o‘zani yopib qo‘yilgan. Sel yo‘li to‘silib qolgani sababli, istalgan vaqtda qilingan ishni suv olib ketishi mumkin. Ko‘prikning himoya qatlami ham qilinmagan. Ushbu holat ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytildi.

«Sarflangan mablag‘ isrof bo‘lishiga achinaman», deydi Jamoliddin aka.

Uning qo‘shimcha qilishicha, daryoning yuqori qismida zavod ham qurilgan bo‘lib, daryo ichidan tosh-shag‘al olinmoqda. Aynan bu holat ham tabiiylikning yo‘qolishiga, daryo o‘zani pasayib, sel yo‘li buzilishiga xizmat qiladi.

Umuman, hudud aholisi hozirgi vaqtda ko‘prik qurish boshlangan bo‘lsa-da, noma'lum sabablarga ko‘ra ish to‘xtab qolganidan tashvishda. Chunki ikki yil avval kelgan katta sel oqibatida mustahkam, deb hisoblangan ko‘prik oqib ketgan. Shunday ekan, bahor yomg‘irlari natijasidagi ehtimoliy sel qo‘lbola ko‘prikni ham oqizib ketishi hech gap emas. Bu degani, katta bir mahallaning yarmi uzoq muddatga og‘ir sharoitga tushib qolishi mumkin.

Shunday bir paytda ko‘prik qurilishining ham yana orqaga cho‘zilib ketish ehtimoli yo‘q emas.

Ko‘prik qurilishining nega to‘xtab qolganini bilish maqsadida Yakkabog‘ tuman hokimligida bo‘ldik. Vaziyat bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Shuhrat Musurmonov ma'lumot berdi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda tumanda ikkita hududda ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, xususan, Guliston mahallasidagi ko‘prik qurilishiga 1 mlrd 700 mln so‘m ajratilgan. Qurilish ishlari «Ravshan Zar» shu'ba xo‘jalik jamiyatiga topshirilgan. Ko‘prik joriy yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilyapti.

Hokim o‘rinbosari 2021 yil davlat dasturiga asosan aynan Guliston mahallasidagi 25ta xo‘jalikni sel suvidan muhofaza qilish hamda daryoning o‘ng qirg‘og‘idan 600 metr masofani rostlash, temir-beton bilan himoya qilish ko‘zda tutilgani haqida ma'lumot berdi.

10-15 kundan beri Guliston mahallasidagi ko‘prik qurilishi to‘xtab qolganiga izoh berarkan, hokim o‘rinbosari qurilish korxonasi tomonidan kerakli mahsulotlar o‘z vaqtida yetkazib kelishda muammolar kuzatilayotganini aytdi.

2021 yilning birinchi choragi ham o‘tib bo‘ldi. Hokim o‘rinbosari esa ko‘prik qurilishi ikkinchi chorakda yakunlanishi haqida ma'lumot bermoqda. Vaholanki, qurilish materiallari kechikayotganini Musurmonovning o‘zi ham tasdiqlab turibdi. Savol tug‘iladi, haqiqatan ham ikkinchi chorakda ko‘prik qurilishiga mutasaddilar ulgura olarmikan? Mahalla faollari aytganidek, biror kun sel ko‘tarilishi shu vaqtgacha bajarilgan ishlarga zarar yetkazmasmikan?

Darvoqe, Yakkabog‘dan qaytganimizga ham ikki haftacha bo‘ldi. Gulistonliklar telefon orqali biz bilan bog‘lanib, quruvchilardan hanuz darak bo‘lmayotganini xabar berishdi. Yomoni, yaqinda kuzatilgan yog‘ingarchilik «qo‘lbola ko‘prik»ni yuvib ketgani, aholining o‘tib-qaytishida yana muammo paydo bo‘lganini bildirishdi.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi ­– Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid
Top