10:33 / 04.04.2021
10001

Yanvarda emlangan Argentina prezidentida koronavirus aniqlandi

2021 yil yanvarida koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangan Argentina prezidenti Alberto Fernandesda koronavirus aniqlandi.

Alberto Fernandes/Foto: Henry Romero / Reuters

El Cronista nashrining shifokorlarga tayanib xabar berishicha, Fernandesning PsR-testi musbat chiqqan. Ularning ta'kidlashicha, prezidentda kasallik vaksinaning himoyalovchi ta'siri evaziga yengil o‘tmoqda.

3 aprelda Fernandes koronavirusga topshirgan antigen testi musbat chiqqanini ma'lum qilgan. Argentina yetakchisining ta'kidlashicha, u yengil bosh og‘rig‘i va harorati 37,3 darajaga ko‘tarilgandan keyin virusga tahlil topshirishga qaror qilgan.

62 yoshli Fernandes virusga chalinganiga qaramay, aholini emlanishdan bosh tortmaslikka chaqirgan. “Agar men emlanmaganimda, unda hozir ahvolim og‘ir bo‘lishi mumkin edi”, deb ta'kidlab o‘tgan Argentina rahbari.

Fernandesning rafiqasi Fabiola Yanes ham virusga test topshirgan, biroq uning natijasi manfiy chiqqan.

“Sputnik V”ni ishlab chiqqan Rossiyaning Gamaleya nomidagi markazida Fernandesga tezroq sog‘ayib ketish tilab qolingan. Markazda ta'kidlanishicha, vaksina koronavirusga qarshi 91,6 foiz samarador hisoblanadi hamda kasallikning og‘ir kechishidan 100 foiz himoyalaydi.  

“Agar virus emlanganlarda aniqlangan bo‘lsa, unda vaksina ularning og‘ir asoratlarsiz tez tuzalib ketishini ta'minlaydi”, deyilgan markazda.

Mavzuga oid
Top