19:40 / 05.04.2021
4985

Besh tashabbus harakatiga mehmon va ishtirokchi sifatida olti mingdan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tgan

Poytaxt yoshlari uchun tashkil etilayotgan yirik tadbir tashkilotchilari ishtirokchilar va mehmonlarni ro‘yxatga olish jarayoni hamda qurilayotgan shaharcha dekoratsiyalari haqida ma'lumot berdi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, harakat mehmonlari sifatida uch mingdan ortiq yosh yigit va qizlar ro‘yxatdan o‘tgan. Ishtirokchi sifatida eng ko‘p talabgor sport musobaqalariga – ular soni 1800 nafardan oshdi. Xususan, Laser run zamonaviy beshkurash qoidalari asosidagi musobaqalarda qatnashish istagini bildirganlar soni 120 nafarni tashkil etmoqda.

Bloger va musiqachi Nikita Makarenko rahbarligi ostida bo‘lib o‘tadigan Tashkent Voice Fest vokal ijrochilar tanlovida qatnashish uchun 100dan ortiq ariza kelib tushgan.

Rayterlar o‘rtasidagi Street Art – graffiti rassomlari tanlovi hozirga qadar 38ta ariza to‘plagan. Mashhur xoreograf Sergey Zlotnikov rahbarligi ostidagi raqs festivali - Tashkent Dance Fest'da qatnashuvchilar soni esa 80 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, Toshkent besh tashabbus harakati doirasida “Zakovat” intellektual turniri ham bo‘lib o‘tadi. Taniqli bloger, klub bilimdoni Xushnudbek Xudoyberdiyev rahbarligida o‘tkaziladigan turnirda 200dan ortiq jamoa ishtirok etishga niyat bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent besh tashabbus harakati 2021 yil bahorining eng yirik voqeasi bo‘lishi va'da qilinmoqda. Kutilayotgan tadbir mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning barcha sohalarini qamrab oladi.

Harakat tashkilotchisi – Toshkent shahar hokimligi. Tadbirni o‘tkazish uchun 37,5 ming kvadrat metr maydonda shahar ichida maxsus shahar bunyod etilmoqda. Uning dekoratsiyalari yengil konstruksiyalardan shakllantirilmoqda. Tadbirga nafaqat ishtirokchi, balki mehmon sifatida ham tashrif buyurish mumkin. Uning doirasida biznes, dizayn, axborot texnologiyalari, sport va boshqa sohalarda muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Tadbirning har bir kuni esa quvnoq musiqiy raqs kechasi bilan yakunlanadi. Mashhur didjyeylar Trace va Roger Gunn kechki shoularning rezidentlari bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatdan o‘tish harakatning rasmiy saytida amalga oshiriladi: www.toshkent21.uz

Top