15:42 / 05.04.2021
10801
Eng ko‘p tomoshabin Andijonda, Toshkentda antirekord, Lobanovdan kulgili, hakamlardan qo‘pol xato. Superliga 4-tur sarhisobi

Yakunlangan haftada Superliga 4-tur bahslari o‘tkazildi. Mamlakatimizning yettita stadionida kechgan uchrashuvlar yakunida Tribuna.uz sayti tur sarhisobini taqdim etadi.

Tur o‘yini: OKMK OChL oldidan «Navbahor»ni mag‘lub etdi

Superliga 4-turining markaziy to‘qnashuvi sifatida e'tirof etilgan bahs OKMK va «Navbahor» o‘rtasida kechib, kutilgan shiddatni taqdim eta oldi. Superligadagi VARli o‘yinda hakamlarning yangi tizimga murojaat qilayotgani va penalti belgilanayotgani odat tusiga aylanmoqda. Olmaliqdagi uchrashuvda ham hakamlar dastlab mehmonlar darvozasi tomon, keyin esa mezbonlar darvozasiga 11 metrlik jarima to‘pi belgilashdi. Sanjar Tursunov va Slavisha Stoyanovichning penaltidan kiritgan gollaridan keyin katta sahnaga Shoxruh Gadoyev chiqdi. Qosimov tomonidan zaxiradan maydonga tushirilganiga 4 daqiqa bo‘lgan Gadoyev qarshi hujumda ajoyib zarbasi bilan Yusupov darvozasining o‘ng burchagini aniq nishonga olib, Olmaliq klubini Qatardagi OChL o‘yiniga xushkayfiyatda borishini ta'minladi.

Superliga. 4-tur. 2 aprel

OKMK - «Navbahor» - 2:1

Gollar: Sanjar Tursunov 26 penaltidan, Shoxruh Gadoyev 71 - Slavisha Stoyanovich 44 penaltidan.

Tur qahramoni: «So‘g‘diyona» kambekini ta'minlagan Shohruz Norxonov

Superliga 4-turi doirasida «So‘g‘diyona» Jizzaxda «Surxon»da mag‘lubiyatga uchrayotgan bir paytda Shohruz Norxonov Ulug‘bek Baqoyev jamoasining kambekini ta'minladi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi yakunida mehmonlar penaltidan hisobni ochgan bo‘lishsa, 60-daqiqada Shohruz Norxonov hisobni tenglashtirdi. 88-daqiqaga kelib yaqinda diskvalifikatsiyadan qaytgan bosh hakam Asker Najafaliyev Jizzax jamoasi darvozasiga ikkinchi penaltini belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Islom Toshpo‘latov dublga erishib, Termiz klubiga g‘alaba keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyatda to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi. Natijada yana hujumga otlangan Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari 90+4-daqiqaga kelib irodali g‘alabaga erishishdi. Bu safar ham Norxonov gol urib, «So‘g‘diyona»ga muhim g‘alabani keltirdi. Natijada Jizzax jamoasi ochkolari sonini 10taga yetkazib, 2-o‘ringa chiqib oldi.

Superliga. 4-tur. 1 aprel

«So‘g‘diyona» - «Surxon» - 2:1

Hakam: Asker Najafaliyev (Toshkent)

Gollar: Shohruz Norxonov 60, 90+4 - Islom Toshpo‘latov 45+2 penaltidan.

Tur muxlislari: Eng ko‘p tomoshabin Andijonda

O‘tgan turlar davomida turning eng ko‘p tomoshabini Namangan, Qarshi shaharlarida kuzatilgan bo‘lsa, bu safar Andijon bu borada yetakchi bo‘ldi. «Andijon» - «Mash'al» (1:1) uchrashuviga 8524 muxlis «Bobur Arena» stadioniga tushgan.

E'tiborlisi, mavsum antirekordi amaldagi chempion stadionida kuzatildi. «Paxtakor» - «Metallurg» (2:1) bahsini kuzatish uchun Toshkentdagi o‘yinga 413 nafar tomoshabin kelgan.

Superliga 4-tur tomoshabin tashriflar:

«Andijon» – «Mash'al» 1:1.  Andijon, 8524 tomoshabin

«Qo‘qon-1912» – «Bunyodkor» 0:0. Qo‘qon, 6542 tomoshabin

«Nasaf» – «Turon» 4:0. Qarshi, 5878 tomoshabin

OKMK – «Navbahor» 2:1. Olmaliq, 4411 tomoshabin

«So‘g‘diyona» – «Surxon» 2:1. Jizzax, 1842 tomoshabin

«Lokomotiv» – «Qizilqum» 1:1. Toshkent, 1024 tomoshabin

«Paxtakor» – «Metallurg» 2:1. Toshkent, 413 tomoshabin.

Tur voqeasi: Andijondagi o‘yin 104 daqiqa davom etdi

Andijondagi uchrashuv faqat tomoshabinlar ko‘pligi bilan emas, Superliga joriy mavsumida eng uzoq davom etgan o‘yin sifatida ham yodda qoldi. Nimalar ro‘y bermadi deysiz – VAR uch marta vaziyatga aralashdi, qanot hakami Ruslan Samandarovning xatosi tufayli «Mash'al»ning goli VAR orqali inobatga olindi, Jasur Jaloliddinov penaltidan gol urib, 104 daqiqali o‘yinda jamoasiga ochko keltirdi.

Superliga. 4-tur

«Andijon» - «Mash'al» - 1:1

Hakam: Zokir Qodirov (Navoiy)

Gollar: Jasur Jaloliddinov 35 penalti - Samuel Ononivu 23.

Tur fakti: «Lokomotiv» va «Turon» ketma-ket 4-o‘yinda g‘alaba qozona olmadi

Superliga 4-turidan keyin g‘alaba nimaligini haligacha bilmayotgan ikki jamoa qoldi - «Lokomotiv» va «Turon». «Temiryo‘lchilar» mavsum oldidan portugaliyalik murabbiy boshqaruvida chempionlikni maqsad qilganiga qaramay, hozircha 2 ochko bilan autsayderlar safida borishmoqda. «Turon» esa o‘z tarixida ilk marta Superligada o‘ynayotgani bois hali turnirga moslasha olmagan ko‘rinadi.

Tur xatosi: Qanot hakami Daler Tillayev va Aleksandr Lobanovdan kulgili xato

«Paxtakor» - «Metallurg» (2:1) o‘yini xatolarga boy bo‘ldi. Faqat futbolchilar emas, hakamlarda ham xatolar kuzatildi. Uchrashuvda qanot hakami Daler Tillayev yaqqol ofsayd vaziyatini aniqlashda xatoga yo‘l qo‘yib, Eren Derdiyo‘qning golini inobatga oldi. Sardor Rashidov uzatmasidan avval o‘yindan tashqari holatda qolgan edi.

«Paxtakor»ning ikkinchi goli ham muxlislarni hayratga soldi. Sharof Muhitdinovning oddiy zarbasi Aleksandr Lobanovning qo‘pol xatosi tufayli bekobodliklarga qimmatga tushdi. Lobanov Muhitdinovning zarbasini qaytarmoqchi bo‘lib, o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi...

Tur iqtibosi: «Hakamlar 50/50 vaziyatlarda xato qilsa tushunaman, ammo 3 metrli ofsaydni emas!»

Bekobod klubi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov «Paxtakor» - «Metallurg» (2:1) keyin:

«Hakamlik? Raqibning birinchi golini ko‘rdingizmi? Yaqqol ofsaydligi ko‘rinib turgandi. Hakamlarga ehtimol tajriba yetishmayotgandir. Bu masalada aniq javobim yo‘q. Hakamlar 50/50 vaziyatlarda ham qaror chiqarishda xato qilsa mayli, ammo bu yerda 3 metrli ofsayd bo‘lyapti. O‘sha vaziyatda ofsaydni qayd etib, bayrog‘ini ko‘tarsa o‘yin 1:1 bo‘lardi».

Turning eng chiroyli goli: Marko Stanoyevichdan «pushka»

Turning eng chiroyli goli Qarshida o‘tgan turning eng oxirgi bahsida kuzatildi. «Nasaf» Qarshida «Turon»ni yirik hisobda mag‘lub etib, mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonladi. O‘yindagi ikkinchi golga qarshiliklarning serbiyalik legioneri Marko Stanoyevich mualliflik qildi. Uning jarima to‘pidan yo‘llagan ajoyib zarbasi tur goliga aylandi.

Tur fotosi: Aprelda ham sovqotayotgan Derdiyo‘q

Yurtimizga bahorning ikkinchi oyi aprel kirib kelgan bo‘lsa-da, chempionat uchrashuvlari nisbatan sovuq ob-havo yoki yomg‘ir ostida kuzatilmoqda. «Paxtakor»ning shveysariyalik hujumchisi Eren Derdiyo‘qning ushbu surati yurtimizdagi bahoriy ob-havoni ifodalab turibdi.

Tur ramziy jamoasiga kimlar munosib?

Superliga 4-turi yakunlariga ko‘ra, quyidagi futbolchilar Tribuna.uz talqiniga binoan tur ramziy jamoasidan o‘rin olishdi.

Darvozabon: Sanjar Quvvatov («Paxtakor»)

Himoyachilar: Murod Xolmuhammedov («Qo‘qon-1912»), Davronjon Ergashev («Bunyodkor»), Sardor Rahmonov (OKMK), Sherzod Nasibullayev («Nasaf»)

Yarimhimoyachilar: Jamshid Hasanov («Qizilqum»), Diyor Turopov («Lokomotiv»), Marko Stanoyevich («Nasaf»), Husniddin G‘ofurov (OKMK)

Hujumchilar: Shohruz Norxonov («So‘g‘diyona»), Husayn Norchayev («Nasaf»).

 

Top