08:03 / 05.04.2021
36178
Namanganda maxsus bog‘cha tarbiyalanuvchisi qattiq kuyish oqibatida vafot etdi

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi 31-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchisi kuyish oqibatida vafot etdi. Bu haqda Namangan viloyat prokuraturasi ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, Davlatobod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tasarrufidagi  31-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalangan, 2015 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Hoshimov 2021 yil 5 fevral kuni o‘zining ehtiyotsizligi natijasida muassasa issiq suv tizimidagi issiq suv jo‘mragini ochib yuborishi natijasida 2-darajali 65 foiz kuyish tan jarohati olib, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga yotqizilgan. 

Voyaga yetmagan U.Hoshimov 2019 yil 27-fevraldan buyon ushbu muassasada aqliy rivojlanishi orqada qolish tashxisi bilan tarbiyalanib kelgani ma'lum bo‘lgan.
 
Olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, voyaga yetmagan fuqaro U.Hoshimov kuyish natijasida olgan tan jarohatlari oqibatida 2021 yil 24 fevral kuni vafot etgan. 

Namangan viloyat STEBning 24 fevral kungi 70-sonli xulosasida marhum U.Hoshimovning o‘limi - qaynoq suvdan bosh, yuz va tananing boshqa qismlari 2-, 3-darajali 70 foiz kuyishi asorati natijasida poliorgan yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida yuz bergani va murda tanasida kuyishdan boshqa tan jarohatlari aniqlanmagani ko‘rsatilgan. 

“Mazkur holatga tergov yo‘li bilan baho berish zaruriyati tug‘ilganligi sababli, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi, 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Natijalari haqida ma'lum qilinadi”, deyiladi Namangan viloyat prokuraturasi xabarida. 

Top