08:31 / 05.04.2021
474
Navoiyda mart oyida 458 million so‘mlik tabiiy gaz tolon-taroj qilingan 

Joriy yilning mart oyida Navoiy viloyatida 9 ta, Karmana tumanida 7 ta va Xatirchi tumanida 2 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, tekshiruv tadbirlari davomida 692 ming metr kubdan ortiq tabiiy gaz talon-toroj qilinib, ta'minot korxonasiga 458 million so‘m zarar yetkazilgan.

«Hududgaz Navoiy» gaz ta'minoti filiali matbuot xizmatining xabar berishicha, Karmana tumanidagi «Aslam Baraka Biznes» MChJga qarashli yog‘ zavodida iste'molchi zarur hujjatlar rasmiylashtirmasdan gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani ma'lum bo‘lgan. 

Shuningdek, «Osiyo Grand Karmana» MChJ ga qarashli yog‘ zavodi, «Jaloyir Siti» va «Amirshox Ziyo» oilaviy korxonalari hamda tadbirkor B.M.ga tegishli novvoyxonada ham gaz ta'minoti tashkiloti bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan tabiiy gazdan foydalanish holatlari aniqlangan. 

Shuningdek, Karmana tumanidagi N.M.ga tegishli novvoyxona va «Go‘zal Xazora oqshomi» MChJga qarashli tikuvchilik sexi, Xatirchi tumanidagi «Najmiddin ota» shuningdek, «Eshpo‘latov Shohrux» oilaviy korxonalarida loyihadan tashqari gaz jihozlaridan foydalanilgan.  

Ushbu holatlar bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilgan.

Top