14:07 / 05.04.2021
18088

«O‘zbekiston ming tonna bug‘doy, 500 tonna paxta urug‘i berdi» – Qirg‘iziston bosh vaziri

O‘zbekiston Qirg‘izistonga ming tonna bug‘doy, 500 tonna paxta urug‘i yuborgan. Bu haqda Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov Facebook᾽dagi jonli efir vaqtida ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston bergan bug‘doy va paxtaning yarmi hadya bo‘lsa, qolgan yarmini qirg‘iz tomoni bug‘doy va paxta shaklida qaytarishi kerak. Shuningdek, Toshkent Bishkekka 10 ming tup ko‘chat ham hadya qilgan.

«O‘zbekistonga bo‘lgan xizmat safarimizda O‘zbekiston bizga yordam sifatida ming tonna bug‘doy urug‘ini beradigan bo‘ldi. Ming tonna bug‘doyning yarmi bepul berilayotgan bo‘lsa, qolgan yarmini ma'lum vaqtdan keyin bug‘doy shaklida qaytaramiz.

Bundan tashqari, [O‘zbekistondan] besh yuz tonna paxta urug‘i olyapmiz. Buning yarmi beg‘araz yordam, yarmini esa vaqti kelganda paxta bilan qaytaramiz.

Bizga 10 ming tup ko‘chat ham hadya qilindi. Fursatdan foydalanib o‘zbek do‘stlarimizga minnatdorchilik bildiraman», degan Ulug‘bek Maripov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 25-26 mart kunlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, mazkur tadbirda qatnashish uchun Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov Toshkentga kelgandi.

Tashrif doirasida qardosh mamlakat hukumati rahbari Toshkent shahridagi bir qator sanoat obektlari faoliyati bilan tanishgan, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi yakunida hujjatlar imzolangandi.

Avvalroq O‘zbekiston qaytarib berish sharti bilan Qirg‘izistonga 2021 yil mart oyidan oktyabr oyigacha va 2022 yil mart-aprel oylarida 750 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi yetkazib berishi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top