22:45 / 05.04.2021
13476
Sudyalar va YHX xodimlari ishi bo‘yicha sud majlisidan Kun.uz muxbiri chiqarib yuborildi. Bu – Oliy sud plenumi qaroriga zid

JIB Toshkent viloyati sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisidan Kun.uz muxbiri Oliy sud plenumi qaroriga zid ravishda chiqarib yuborildi. Sud ishi yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun undirilgan 3,4 mlrd so‘m jarimalarni talon-toroj qilgan sobiq sudyalar, sudya yordamchilari va YHX xodimlariga oid edi.

Toshkentda sudya va sudya yordamchilari IIBB YHXB xodimlari bilan til biriktirib, yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun undirilgan qariyb 3,4 mlrd so‘m jarimalarni kirim qilmasdan, talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.

Jamoatchilik bu haqda ochiqlikka da'vo qiluvchi sud, prokuratura yoki ichki ishlar organlari orqali emas, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning ma'ruzasidan bilgan edi.

To‘xtasheva bu haqda Oliy suddagi konferensiyada, o‘tgan yilning noyabrida gapirganidan keyin, shu kungacha ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hech qayerda ma'lumot berilmadi. Va nihoyat bugun, 5 aprel kuni Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ushbu ish haqida ma'lumot berdi.

Sudyalar oliy kengashi bu ish bo‘yicha sukut saqlanganiga izoh berar ekan, tergovga ta'sir etishi ehtimolidan kelib chiqib, o‘sha paytda ish bo‘yicha izoh yoki munosabat bildirish maqsadga muvofiq emas deb hisoblanganini bildirdi.

Jinoyat ishi bo‘yicha jimlik uzoq davom etgani tufayli, uning tafsilotlariga qiziqqan Kun.uz ishni kuzatish va natijasi haqida jamoatchilikka ma'lum qilish maqsadida Oliy sud axborot xizmati bilan bog‘landi va mazkur ish bo‘yicha hukm 10 fevral kuni o‘qilganini, sudlanuvchilar apellyatsiya shikoyati keltirganini va ishning ko‘rilishi 2021 yil 2 aprel kuni JIB Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilishi haqida ma'lumot olib, ishni kuzatib borishga qaror qildi.

Apellyatsiya instansiyasi doirasida 2 aprel kungi dastlabki sud majlisi ayrim sabablarga ko‘ra 5 aprel kuniga qoldirildi.

Kun.uz muxbiri 5 aprel kuni takroran Toshkent viloyat sudida hozir bo‘ldi. Soat 14:30da boshlanishi aytilgan sud majlisining soat 17:00da boshlangani alohida masala. Biz bunga to‘xtalmoqchi emasmiz.

Uzoq kutishlardan so‘ng, ishni ko‘rishni boshlagan sud hay'ati sudlanuvchilarning advokatlari eslatmasiga binoan «ishga aloqasi bo‘lmagan begona shaxsning» sud majlisida ishtirok etish-etmasligi masalasini hal qilishni boshladi.

Advokatlar va sudlanuvchilardan Kun.uz muxbirining sud majlisida qatnashishi bo‘yicha e'tirozli fikrlari tinglanib, Murodjon Mirzajonov raisligidagi sud hay'ati Kun.uz muxbiridan sud zalini tark etishni talab qildi.

Muxbirning sud hay'atiga Jinoyat protsessual kodeksi va Oliy sud Plenumining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta'minlash to‘g‘risida»gi qaroriga binoan:

  • ochiq sud majlisida ko‘rilayotgan jinoyat ishining oshkora ekani;
  • nafaqat OAV vakili, balki istalgan shaxs ishni ko‘rishga xalaqit bermagan tarzda sud majlisida qatnashishga haqli ekani;
  • taraflar fikri esa qachonki OAV tomonidan ochiq sud majlisida video yoki audioyozuv amalga oshirilmoqchi bo‘linganda inobatga olinishi lozimligi, ochiq sud majlisida qatnashish uchun esa taraflarning e'tirozi hech qanday ahamiyatga egamasligi to‘g‘risida bergan tushuntirishlari kor qilmadi.

Nafaqat hay'at raisi Murodjon Mirzajonov, balki qolgan ikki nafar sudya ham yuqoridagi qoidalardan butunlay bexabar shekilli, hay'at raisiga uning adashayotganini aytishmadi.

Shu o‘rinda Mirzajonov kabi sud muhokamasi oshkoraligiga oid qonunchilikdan bexabar bo‘lgan sudyalarga yuqoridagi Plenum qaroridan ayrim iqtiboslar keltirishni lozim topdik: 

«Sud muhokamasi oshkoraligi protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan ta'minlanadi.

Ochiq sud majlislarini protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar qatnashishini istisno etadigan binolarda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo‘yicha ma'lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma'lumot olishning qonuniy yo‘li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra, sud majlisi zaliga kirishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sudlarning e'tibori shunga qaratilsinki, protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi va bunday holat protsessual qonun buzilishi deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi».

Butun boshli viloyat darajasidagi sudning sudyalari OAVning ochiq sud majlislarida ishtirok etishi bo‘yicha qonunchilikni bilmasligi bizni afsuslantiradi.

Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi sud majlislarida qatnashish bo‘yicha treninglarni faqat OAV vakillari uchungina emas, qonunlar va Plenum qarorlaridan bexabar sudyalar uchun ham tashkil qilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan mazkur holatga e'tibor qaratishni va munosabat bildirishni so‘rab qoladi. Sudyalar Oliy kengashi esa muxbirni suddan chiqarib yuborgan sudyalar harakatiga baho berishi lozim.

Top