16:00 / 05.04.2021
5479

YTH ro‘y berganda shoshilinch choralar ko‘rish tizimlari: bu qanday ishlaydi?

Butun jahonda avariyalar ro‘y berganda shoshilinch ta'sir choralarini ko‘rish tizimlari – yo‘llarda jarohatlanish va o‘lim darajasini kamaytirishning asosiy usullaridan biri sifatida e'tirof etilgan.

Bu, asosan, chaqiruvni avtomatlashtirish, shoshilinch xizmatlar kelishi va tibbiy yordam maksimal darajada samarali bo‘lgan paytda, ya'ni dastlabki «oltin soat» ichida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilishini tezlashtirish hisobiga amalga oshiriladi.

Yo‘l harakat xavfsizligi masalalari bo‘yicha faoliyat negizida BMT homiyligidagi xalqaro konvensiyalar va kelishuvlar tashkil qiladi. Ushbu miqyosda transport vositalarining xavfsizlikka ta'sir qiluvchi asosiy komponentlari uchun talablar qabul qilingan va tasdiqlangan.

Avariyalar oldini olishga qaratilgan aktiv xavfsizlik tizimlari hamda avariyalarda jarohatlanishni kamaytiruvchi passiv xavfsizlik tizimlarining (misol uchun, xavfsizlik kamarlari va yostiqlarining) paydo bo‘lishi va keng tarqalishidan keyin, avtomobil yo‘llarida o‘lim darajasini kamaytirishda navbatdagi qadam – shoshilinch ta'sir choralarini ko‘rish tizimlarini joriy qilish hisoblanadi.

2015 yilda butun Rossiya miqyosida «ERA-GLONASS» nomli avariyalarda yordam ko‘rsatish tizimi ishga tushirilgan edi. «ERA-GLONASS»ni loyihalashtirishda rossiyalik ekspertlar tizimning zarur mustahkamlik darajasini ta'minlovchi sinovlar o‘tkazishdi, texnologiyalar va metodikalarni, shu bilan birga tegishli standartlarini ishlab chiqishdi (bular keyinchalik xalqaro standartlar sifatida qabul qilindi).

Bu borada noyob va o‘ziga xos tajriba to‘plangan bo‘lib, rossiyalik mutaxassislar bu tajribasini boshqa mamlakatlar ekspertlari bilan baham ko‘rishga tayyor. Hozirgi paytda bunday tizimlar bizning yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishga tushirilgan, boshqa davlatlarda ham tizimlarni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlab yuborilgan.

Yo‘l-transport hodisalariga nisbatan shoshilinch chora ko‘rish tizimlarining ishlash prinsipi chaqirish amalga oshirishning ikkita variantini ko‘zda tutadi.

Birinchi variant – jiddiy yo‘l-transport hodisasi yuz berganda transport vositasida bevosita o‘rnatilgan shoshilinch tezkor xizmatlarni chaqirish qurilmasi avtomatik tarzda ishga tushadi.

Ikkinchi variant – haydovchi avtomobil salonida SOS tugmasini mustaqil ravishda bosadi. Ikkita variantda ham uskuna uyqu rejimidan chiqib faollashtiriladi hamda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyda mavjud har qanday uyali aloqa tarmoqlari orqali avariyalarga nisbatan shoshilinch choralarini ko‘rish tizimiga chaqiruvni amalga oshiradi.

YTH to‘g‘risidagi xabar bilan birga, qurilma avtomobilning VIN-raqamini, uning sun'iy yo‘ldoshli tizimlarning (GLONASS, GPS va h.k.) signallari orqali aniqlanadigan geolokatsiyasini hamda chaqiruv turini (qo‘lda yoki avtomatik tarzda bo‘lishini) avtomatik tarzda uzatadi.

Chaqiruv qurilmasi avtomatik yoki qo‘lda ishlash rejimida faollashtirilmagan holatda avtomobil lokatsiyasi kuzatib borilmaydi. Tizim operatori haydovchi va yo‘lovchilardan yordam kerakligi yoki kerak emasligini aniqlab oladi, agar yordam kerak bo‘lganda chaqiruvni olingan ma'lumotlar bilan birga shoshilinch tezkor xizmatlarga uzatadi.

Olti yillik faoliyat davomida «ERA-GLONASS» tizimida Rossiyada taxminan 7 million transport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan, 10 millionga yaqin chaqiruvlar qabul qilingan. 70 foiz haqiqiy chaqiruvlar avtomatik tarzda, ya'ni jabrlanuvchi mustaqil ravishda yordam chaqirishga qodir bo‘lgan holatda jiddiy YTH sodir bo‘lganda kelib tushadi.

«ERA-GLONASS»ga o‘xshash tizimlar katta salohiyatga ega bo‘lib, transport va boshqa sohalarni raqamlashtirish uchun asos sifatida foydalanish imkoniyatini beradi. Tizim intellektual transport tizimlarini qurish uchun ishlatiladi, uning negizida transport va yuklarni monitoring qilish tizimi yaratilgan, turli innovatsion servislar ishlamoqda.

«GLONASS» AJ – Rossiyadagi «ERA-GLONASS» davlat axborot tizimining operatori. O‘zbekistonning «GLONASS» AJ «SmartGeo» kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalariga nisbatan ta'sir choralarini ko‘rish tizimini yaratish bo‘yicha loyihani amalga oshirishga tayyor.

Ushbu tizim minglab avtomobilchilarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, ta'sir choralarini ko‘rish tizimi negizida O‘zbekistonda ekologiya, tez buzilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tashish va boshqa sohalarda muammolarni yechishga qaratilgan navigatsion-axborot servislarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Keng ko‘lamli davlat tizimlarining joriy qilinishi mamlakatda yangi bozorlar va ish o‘rinlarni yaratish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni ochib beradi, O‘zbekistonda avtomobillar, elektr uskunalar, mikroelektronika va IT-servislar biznesi tez sur'atlarda o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga olib keladi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top