16:32 / 05.04.2021
14510
Yunusobodda 41 yoshli fuqaroning murdasi topildi. Internetda u IIBda olgan jarohatlari tufayli vafot etgani haqida xabar tarqaldi

Internetda joriy yilning 1 aprel kuni 41 yoshli A.B. Yunusobod tumani IIO FMB 3-sonli IIBga keltirilganidan so‘ng olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgani haqida xabar tarqaldi.

Toshkent shahar IIBB ma'lumotiga ko‘ra, 1 aprel kuni soat 21:00larda muqaddam to‘rt marotaba sudlangan A.B. va yana ikki nafar fuqaro, muqaddam sudlanganlar, 1979 yilda tug‘ilgan D.L. va 1970 yilda tug‘ilgan A.L. bilan so‘rov olib borish uchun Yunusobod tumani 3-sonli IIBga keltirilgan.

Qayd etilishicha, o‘rtacha hisobda 45 daqiqa davom etgan so‘rovdan so‘ng uchala shaxs qo‘yib yuborilgan. 2 aprel kuni ertalab soat 4:00-4:30larda 30-uyning oldida A.B.ning murdasi topilgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 

“Respublika ilmiy-amaliy sud-tibbiyot markazi hududiy filiali tomonidan berilgan birlamchi ma'lumotga ko‘ra, marhumning bir necha kasalliklari bo‘lgan, xususan, yurak ishemik kasalligi, gematogen sil, poliorgan yetishmovchiligi, ikki tomonlama o‘pka plevriti, bosh miya va o‘pka shishi, surunkali gepatit, giyohvandlik, alkogoldan zaharlanish”, deyiladi IIBB ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. 

“Mas'ul tashkilotlarning rasmiy izohini olmasdan turib, oldindan xulosa chiqarmasligingizni so‘raymiz”, deyilgan mahkama xabarida.

Top