12:02 / 06.04.2021
5431

Eski gaz hisoblagichlarni standartdan o‘tkazish muddati 2021 yil 1 avgustigacha uzaytirildi

Joriy yilning 1 avgustiga qadar eski gaz hisoblagichlarining davriy tekshiruvdan o‘tkazish muddati o‘tgan bo‘lsa-da, hisob-kitoblar hozirda o‘rnatilgan hisoblagichlar asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi PQ-4840-sonli qaroriga muvofiq, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish belgilangan. Shu maqsadda 2021 yil 1 avgustga qadar respublikaning barcha hududlarida iste'molchilarga zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatib, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagi qarorga binoan birinchi bosqichda, ya'ni 2021 yil 1 fevralgacha Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari, Buxoro viloyatining Karmana tumani hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tizimning yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

Aytish joizki, yangi elektron hisoblagichlar aholi xonadonlariga «Hududgazta'minot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘rnatilib, bu uchun aholidan hech qanday to‘lov olinmaydi.

Davlat xizmatlari agentligining xabar berishicha, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlariga 1-bosqichda nazarda tutilmagan hududlardan tabiiy gaz hisoblagichlarini qiyoslash bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

«Davlat xizmatlari agentligi aholining ovoragarchiligiga chek qo‘yish va ortiqcha pul mablag‘lari sarflashining oldini olish uchun, tabiiy gaz hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish muddatini 2021 yil 1 avgustga qadar uzaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Hukumat ushbu aholiga yengillikni qo‘llab-quvvatladi.

Demak, hurmatli fuqarolar, gaz hisoblagichlaringizning «standartdan o‘tkazish» muddati o‘tgan bo‘lsa ham, 2021 yil 1 avgustga qadar hisoblagichni qiyoslashning keragi yo‘q», – deyiladi agentlik murojaatida.

Top