21:20 / 06.04.2021
12677
Kun.uz muxbirini ochiq sud majlisidan chiqarib yuborgan sud hay'ati raisi ishni ko‘rishdan chetlatildi

Til biriktirib, jarimalarni talon-toroj qilgan sudyalar va YHX xodimlariga oid jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasida boshqa sudya raisligida ko‘riladi. Kun.uz bu ishni qonunlarda belgilangan tartibda kuzatishda davom etadi.

JIB Toshkent viloyati sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisidan Kun.uz muxbiri chiqarib yuborilgani bo‘yicha munosabat bildirildi. Ish bo‘yicha sudlov hay'ati raisi ishni ko‘rishdan chetlatilib, boshqa sudya rais etib tayinlangan.

Toshkent viloyat sudining munosabatida keltirilishicha, ushbu jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish jarayonida sudlov hay'ati tomonidan ishda qatnashayotgan shaxslarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitadigan yoki shaxsiy hayotiga oid ma'lumotlar tarqalib ketishining oldini olish hamda taraflarning e'tirozidan kelib chiqqan holda sud majlisida sayt muxbirining ishtirok etishi maqsadga muvofiq emas, deb topilgan.

«O‘rganish jarayonida sudlov hay'ati bunday to‘xtamga barvaqt kelgani aniqlandi. O‘z navbatida, bunday holat jamoatchilikda sudning xolisligiga shubha paydo qilishi ehtimolini inobatga olib, sud majlisida raislik qilish boshqa sudyaga topshirildi.

Navbatdagi ochiq sud majlisida ishda taraf bo‘lmagan shaxslarning ishtiroki belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etiladi» – deyiladi viloyat sudi munosabatida.

Kun.uz ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislarini qonunlarda belgilangan tartibda kuzatishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, apellyatsiya instansiyasida ko‘rilayotgan bu jinoyat ishi – yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun undirilgan 3,4 mlrd so‘m jarimalarni talon-toroj qilgan sobiq sudyalar, sudya yordamchilari va YHX xodimlariga oid.

Ma'lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksi va Oliy sud Plenumining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta'minlash to‘g‘risida»gi qaroriga binoan:

  • ochiq sud majlislarida nafaqat OAV vakili, balki istalgan shaxs ishni ko‘rishga xalaqit bermagan tarzda qatnashishga haqli;
  • taraflar fikri esa qachonki OAV tomonidan ochiq sud majlisida video yoki audioyozuv amalga oshirilmoqchi bo‘linganda inobatga olinishi lozim, ochiq sud majlisida qatnashish uchun esa nizolashayotgan taraflarning e'tirozi hech qanday ahamiyatga ega emas.
Top