14:41 / 06.04.2021
27895
Manba: Effect.uz saytining ikki xodimiga ehtiyot chorasi sifatida sirtdan qamoqqa olish chorasi qo‘llandi

Effect.uz sayti xodimlari Termiz tuman sudi raisini pora olishda ayblab lavha e'lon qilishi yuzasidan kelib tushgan shikoyatga asosan Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tekshiruv olib borilib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Saytning ikki nafar xodimi jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb etilgan.

Kun.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, tergov organi chaqiruvlariga behurmatlik qilib, qonun talablarini bajarmagani asos qilinib, saytning ushbu ikki xodimiga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi axborot xizmati ushbu ma'lumotni tasdiqladi. Prokuratura mas'ul xodimi tergov siri o‘laroq ishning boshqa tafsilotlari ochiqlanmasligini bildirdi.

2021 yil yanvarida Effect.uz sayti xodimlarining Termiz tuman sudi binosida sud raisi Odil Begimqulov pora olganlikda va ishni noxolis ko‘rayotganlikda ayblangan lavhasi ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan edi.

Keyinroq, Kun.uz mazkur holat bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi bilan suhbat e'lon qilgandi.

Top