20:00 / 06.04.2021
4909

Mobil metrologik laboratoriya – o‘lchash funksiyalariga ega tibbiy texnikalarni metrologik tekshiruvdan o‘tkazishda innovatsion yechim

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti yosh tadqiqotchilarining ilmiy ishlanmalari asosida furgon turkumidagi avtomobil platformasida jamlangan o‘lchash funksiyalariga ega tibbiy texnikani (keyingi o‘rinlarda tibbiy texnika deb ataladi) metrologik tekshiruvdan o‘tkazuvchi ilk innovatsion loyiha Mobil metrologiya laboratoriyasi yaratildi.

Ma'lumot uchun: Metrologiya sohasidagi mobil laboratoriyalar turkumida Mobil metrologiya laboratoriyasi o‘ziga xos hisoblanib, xorijiy davlatlarda uning analogi mavjud emas.

Loyihani amalga oshirishda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining yosh konstruktorlari, dasturchilari va konstruktorlik byurolari bilan hamkorlik qilindi.

Mobil metrologiya laboratoriyasi tibbiyot muassasalarida olib boriladigan tibbiy diagnostik tahlillarning ishonchliligini ta'minlash orqali tibbiy xizmat ko‘rsatishda sifat va muolajalarning samaradorliligiga erishish maqsadida tibbiy texnikalarning metrologik tekshiruvini ta'minlaydi.

Mobil metrologiya laboratoriyasi joriy yilning 20 may sanasida “Salomatlik uchun o‘lchashlar” shiori ostida nishonlanadigan “Xalqaro metrologiya kuni”ga tuhfa sanaladi.

Mobil laboratoriya tibbiy texnikalarning joyida metrologik tekshiruvini o‘tkazishga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun: Laboratoriya metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan 32 ta tibbiy texnikadan  25 tasi (78 foizi) ning metrologik tekshiruvini qamrab oladi.

Mobil metrologiya laboratoriyasi namunaviy o‘lchash vositalari, tashkiliy texnika, elektr manbai, konditsioner, avtomatik havo aylanish tizimi, toza suv ta'minoti va reagentlar uchun muzlatkich bilan jihozlangan.

Ma'lumot uchun: Mobil laboratoriyada harorat, elektr manbai va toza suv ta'minoti holatini monitoring qilish uchun maxsus dasturiy ta'minot ishlab chiqilgan. Shuningdek, metrologik tekshiruv xulosalarini tezkor rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgan.

 

O‘zbekiston milliy metrologiya institutining ilmiy ishlanmalari asosida yaratilgan ilk mobil metrologiya laboratoriyasi uchun maxsus videorolik

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Top