14:00 / 06.04.2021
10869

«Olis hududga borib dars o‘tish uchun ustama yagona sabab emas» - Buxorodan Samarqandga borib dars o‘tayotgan oila

Joriy yil yanvar oyida qabul qilingan “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida ta'lim sifati past maktabda dars berish uchun boshqa hududdan jalb qilingan o‘qituvchiga maxsus ustama — boshqa viloyatdan kelib ishlasa, 100 foiz, boshqa tuman (shahar)lardan kelib ishlasa, 50 foiz qo‘shimcha haq to‘lanishi ta'kidlangan edi.

Xalq ta'limi vazirligi shunday o‘qituvchilar oilasi bilan tanishtirdi. Farrux Murodov va uning oilasi Buxoro viloyatidan kelib, Samarqandning olis hududi Nurobod tumanidagi 54-maktabda ishlab kelmoqda. Ularning ikkalasi ham 1-toifali o‘qituvchilar sanaladi.

«Avval Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi maktablardan birida ishlaganman. O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham ingliz tili fanidan dars beramiz. Nuroboddagi maktabda ingliz tili fanidan o‘qituvchi yo‘qligidan tanishlarimiz orqali xabar topdik. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashib, ish faoliyatimizni shu maktabda davom ettirishga qaror qildik.

Berilayotgan ustamalar bizni olis masofadan kelib, shu yerda ishlashimiz uchun qiziqtirgan yagona sabab emas. O‘qituvchilik kasbiga hurmat, qolaversa, olis va chekka hududlarda ham bolalar ingliz tilini o‘rganishiga yordam berish uchun kelganmiz.

Maktab jamoasi bizni yaxshi kayfiyat bilan kutib oldi. O‘quvchilarda ingliz tilini o‘rganishga qiziqish juda kuchli. O‘quv yili yakunlanishiga hali biroz muddat bor. O‘ylaymanki, biz o‘quvchilarga iloji boricha ko‘proq bilim berishga ulguramiz», deydi Farrux Murodov.

Farrux Murodovning turmush o‘rtog‘i Nargiza Quvonova avvaliga olis hududdagi ta'lim maskaniga borib ishlashga ikkilanganini, begona joyga tezda moslashib ketish uni biroz xavotirga tushirganini aytadi, lekin o‘z kasbiga fidoyilik sabab xavotirni yengib o‘tgan.

«Boshida turmush o‘rtog‘im bu maktabga kelib ishlash taklifini aytganida biroz ikkilanganman. Begona joy, notanish sharoit. Lekin kasbimizga bo‘lgan sadoqat bizni bu yerga boshladi.

Qishloq ahli bizni iliq kutib olishdi. Maktabga yaqin xonadonga joylashdik. Maktab jamoasida va yashash xonadonimizda bizga nisbatan samimiy munosabat uzoq yillar mazkur maktabda ishlashimiz uchun ishtiyoq bermoqda.

Maktabda o‘quvchilarning ingliz tilini chuqur o‘rganishiga yordam berayotganimdan juda xursandman. Bizga shunday imkoniyat yaratib bergan barchadan minnatdormiz», deya ta'kidlaydi Nargiza Quvonova.

Nurobod tumanidagi 54-maktab direktori Salima Rustamova maktab markazdan uzoqligi bois ta'lim sifati va o‘qituvchilar saviyasi pastligini, turli fanlar, jumladan, ingliz tili, kimyo, rus tilidan o‘qituvchilar yetishmasligini ta'kidlaydi.

«Maktabimiz viloyat markazidan qariyb 150 km uzoqdagi Arg‘on qishlog‘ida joylashgan. Rostini tan olib aytaman, bizda ta'lim sifati yuqori emas. O‘qituvchilarimizning ham kasbiy mahorati yetarli emas. Uzoq yillardan beri maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi yo‘q edi. Shu sabab ingliz tili fani o‘tilmas, bu holat ota-onalar o‘rtasida ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lardi.

Maktabimizdagi ana shu muammo o‘z yechimini topdi. Mart oyidan boshlab bilimli, yosh, intiluvchan o‘qituvchilar oilasi Buxoro viloyatidan kelib, maktabimizda ish boshladi. Bugungi kunda qishloq aholisi bu o‘qituvchilarning darslaridan juda xursand. Ular bizning jamoaga tez moslashib ketdi.

Kelgusi o‘quv yilida ham yana kimyo, rus tili fanlaridan mahoratli o‘qituvchilarni ishga taklif etish harakatidamiz», deydi maktab direktori Salima Rustamova.

Top