09:27 / 06.04.2021
2844
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 35 mingdan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda vaksinatsiya boshlanganidan buyon 35 mingdan ortiq kishi koronavirusga qarshi emlangani haqida ma'lumot berdi.

«Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan  shu kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 35386 nafarga yetdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

5 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Samarqand viloyati (1783 nafar), Toshkent shahri (1691 nafar), Toshkent viloyati (1321 nafar), Namangan viloyati (1171 nafar) va Andijon viloyati (1128 nafar) band qildi.

Emlash jarayonlari davom etadi.

Shu yilning 1 aprel kuni  5018 nafar, 2 aprel kuni  9211, 3 aprel kuni  9551 nafar fuqaro emlangan edi. 

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top