19:00 / 06.04.2021
97396

Quva ko‘chasidagi o‘lim topgan yigit voqeasi: marhumning onasi va guvohlar nima deydi?

O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 20 yoshli Ahror Anvarov ichki ishlar idorasida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda u tibbiy niqobsiz ko‘chada yurgani uchun profilaktika inspektori xonasiga suhbatga olib kirilganiga e'tibor qaratilgandi.

Keyinroq, aslida u voqeadan ikki kun o‘tib akasini ko‘rgani ketayotganida, yo‘lda qo‘qqisdan yiqilib vafot etgani ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri marhumning amakivachchasi Lutfiyor Xalilov, uchastka noziri Oybek Mahmudov, «Qalinpo‘stin» MFY raisi Farog‘at Tojiddinovadan hodisa tafsilotlarini surishtirgan edi. Navbatdagi surishtiruvda yangi ma'lumotlar o‘rganildi.

 

 

Surishtiruvning ikkinchi kunida marhumning onasi, opasi, Ahror Anvarovning shlakoblok sexida ishlagan sheriklari, niqob masalasida IIB xodimlari va marhum bilan tortishuv guvohlar, yerga yiqilib behush holda yotganda uni ko‘rgan guvoh, tuman tibbiyot birlashmasi qabul diagnostika bo‘limi mudiri, bemorni qabul qilgan travmatolog, reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i va boshqalar ko‘rgan-kechirganlarini so‘zlab berishdi.

Mahalladagi o‘g‘rilik...

Ma'lum bo‘lishicha, 30 mart kuni «Qalinpo‘stin» MFY, Qo‘rg‘oncha ko‘chasidagi xonadonlardan birida o‘g‘rilik sodir etiladi. Mazkur holatni taftish qilish uchun xonadonga «Qalinpo‘stin» MFY raisi Farog‘at Tojiddinova, uchastka nozirlari Oybek Mahmudov, A'zimjon Karimov hamda Tavakkal Yursinov kelishgan.

Mahallada o‘g‘irlik sodir etilgan uy va ko‘cha

Nozirlar mahallada yurgan paytda ko‘chadan o‘tib ketayotgan Ahror Anvarovni niqobsiz holda ko‘rib qolishgan. Tortishuv mana shundan boshlangan. IIB xodimlari va marhumni ajratish uchun qo‘ni-qo‘shnilar chiqishgan. Yakunda Ahror Anvarov mashinaga chiqarilib, uchastka nozirlari xonasiga olib ketilgan. Nozirlar ortidan esa marhumning amakisi Umid Xalilov o‘z mashinasida yetib borgan.

«Bolani sariq «Jiguli»ga solib olib ketishdi» — marhumning qo‘shnisi

Risolat Ahmedova

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Risolat Ahmedova 31 mart kuni Ahror Anvarovni ichki ishlar xodimlari ushlab ketishganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

«Men har kuni ko‘chaga chiqib o‘tiraman. Ahror bir kunda 3-4 marta uyimiz oldidan o‘tardi. Shlakoblok sexiga ishga boradi, undan tashqari, komada yotgan akasi Ahmadjonning yoniga ovqat, termosda choy va non tashirdi.

31 mart kuni unga «ko‘chada melisalar yuribdi, niqob taqib olmabsan-da, niqobsizlarni to‘syapti», dedim. «Maskani opoqimnikidan olib chiqib taqvolaman», deya yo‘lida davom etdi. Birozdan keyin melisalar turgan joydan shovqin ovozi eshitildi. Yaqinroq borib qarasam, Ahrorjon 3 kishi bilan gap talashayotgan ekan. Nozirlar bolani sariq «Jiguli»ga tiqishdi. Buni ko‘rib yig‘ladim.

2 aprel kuni ham uni ko‘chadan o‘tayotganini ko‘rdim. Tsellofan paketda 4ta non va termos ko‘tarib olgan edi. Keyin bilsam, nariroqqa borib yiqilib tushib vafot etibdi...», deya hikoya qildi u.

«Komandir, qo‘ying, unday qilmang, dedim» – hodisa guvohlaridan biri

Sardor Rustamov

31 mart kungi voqeaga guvoh bo‘lgan Sardor Rustamov ham voqealarni esladi.

«O‘sha kuni ko‘chada qo‘shnim bilan gaplashib turgan edim. Mahallada bir-ikki kun avval o‘g‘rilik bo‘lgandi. Birdan ko‘cha boshida odam ko‘payib ketdi. Borsam — o‘rtog‘im Ahrorni mashinaga tiqishayotgan ekan. Formalilarga hech kim qarshilik qilmayotgan edi. «Komandir qo‘ying, unday qilmang», deb aytdim.

Ahror «dadam kelsin, keyin mashinaga o‘tiraman», dedi. Keyin men komandir protokol tuzsangiz shu yerda tuza qoling, lekin Ahrorni majburlab olib ketmang, dedim. Atrofda xotin-xalaj dod-voy qilardi.

Keyin bir tomondan mahalla oqsoqoli kelib qoldi. U «bunday qilmanglar, o‘zi Ahrorning akasi 6 oydan buyon komada, bu bola shundoq ham qiynalib ketdi», dedi. Ahrorni nozirlar mashinaga majburlab tiqa olishmadi. Keyin amakisi Umid aka kelib Ahrorga mashinaga o‘tirishni buyurdi. Melisalar uni tortishganda kurtkasi yirtilib ketdi. U amakisining gapini yerda qoldirmay mashinaga o‘tirdi. Keyin ular ketishdi.

Ahrorning rangi qo‘rqqanidan dokadek oqarib ketgan edi. Oradan 1-2 soat o‘tib Ahror niqob taqqan holda keldi. Oradan bir kun o‘tib esa mash'um ish bo‘ldi. Rahmatli yaxshi bola edi», deydi Sardor Rustamov.

«Xodim oqsoqolga «siz aralashmang» deb aytdi» marhumning qo‘shnisi

Sharifa Rajabova

Ahror Anvarovning qo‘shnisi Sharifa Rajabova ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarini gapirib berdi.

«Shu kunlarda mahallada o‘g‘rilik bo‘lib mahalla biroz notinch edi. Nozirlar turgan joyda to‘polon boshlandi. Borsam Ahrorjonni tortqilashayotgan ekan. IIB xodimlariga «akasi anchadan buyon komada, bu bolaga tegmanglar», desam quloq ham solishmadi.

Dod-voy ovozidan marhumning amakisi va buvasi chiqdi. Amakisi «bolani qo‘yib yuboringlar, mening jiyanim bo‘ladi», desa ham nozirlar Ahrorni qo‘yib yuborishmadi. Keyin mahalla oqsoqoli keldi. U baqirib bolani qo‘yib yubor, deganini eshitdim.

Uning rangi sarosimadan oqarib ketgandi. Amakisi Umid aka bilan nozir mashinasi uchastka xonasiga oldinma-ketin ketishdi.

Ahrorni yoshligidan buyon bilanman. U soppa-sog‘ yurardi. Og‘ir mehnatlarni ham qilardi», deydi Sharifa opa.

«Ahror qo‘limda jon berdi» – marhumning do‘sti

Javohir O‘ktamov

Ahror Abrorovning do‘sti va u bilan bitta joyda ishlovchi Javohir O‘ktamov uning o‘limiga guvoh bo‘lgan.

«Shlakoblok sexida ish yurituvchi bo‘lib ishlayman. Ahrorjon bizning mahalladoshimiz. U bilan bolalikdan do‘st edik.

Shu yil 31 mart kunidan uch kishi shlakoblok chiqarishni boshladik. Ahror soppa-sog‘ edi. Mudhish voqea sodir bo‘lgan kuni u bizga ovqat olib keldi. Uni birga ovqatlanishga taklif etdik, u esa yo‘q deganicha kim bilandir telefonda gaplashdi. Tashqariga chiqib ketdi.

Oradan 5-10 daqiqa o‘tar-o‘tmas ko‘cha tomonidan «Voy-dod, yordam beringlar», degan ovoz eshitildi. Ovoz kelgan tomonga yugurdim. Orqamdan sheriklarim ham chiqishdi. Qarasam Ahrorjon ko‘chada yotgan ekan. Boshi chang, jag‘i yirtilib ketgan. Uni ko‘rib o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Tur o‘rningdan, desam qo‘zg‘almadi.

Qo‘shnilar suv olib chiqishdi, yuziga sepdim. Shunda ham o‘rnidan turmadi. O‘zimning qo‘limda joni chiqib ketdi shekilli, so‘nggi nafasini chiqardi. Uni guzar tomonga olib bordik. Shu orada tanish bir aka mashinasida kelib qoldi, uning mashinasiga chiqarib yubordik.

U soppa-sog‘ edi. Maska voqeasini ham bizga hazillashib gapirgandi. Nozirlar bilan ozroq yoqalashdik, degandi. Ko‘rinishidan nozik bo‘lgani bilan biz bilan tengma-teng ishlardi. Jismonan va ruhan baquvvat bola edi. Ko‘krak qafasida ozgina nuqsoni bor edi. Tug‘ma shunaqa edi. Ko‘kragi ichiga kirgan edi. Kayfiyati ham yaxshi edi shu kunlarda», deb gapirib berdi Javohir O‘ktamov.

«Ozg‘in bo‘lsa ham chayir edi» – marhum bilan birga ishlagan yigit

Bahodir Turg‘unov

Marhum bilan birga sexda ishlaganlardan yana biri Bahodir Turg‘unov ham fikrlarini bildirdi.

«Rahmatli Ahror bilan 2 yildan buyon tanish edik. Tsexda u ish boshqarar edi. O‘sha kuni bizga ovqat olib keldi-da ko‘chaga chiqib ketdi. Keyin 5 daqiqa o‘tib dod-voy bo‘lib ketdi. Chiqsak — shu holat.

Ozg‘in bo‘lsa ham chayir edi. Shlakoblokni bemalol ko‘tarib mashinaga yuklar edi. Akasi komada ekani sabab tushkun holatda yurgandi», dedi u.

«Terak ag‘anagandek yerga quladi» – hodisa guvohi

Alijon Asqarov

2 aprel kuni Ahrorning ko‘chada yiqilib tushganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Aslijon Asqarovni ham topdik.

«Men choyxonam oldida o‘rindiqda o‘tirgan edim. Ahror yonimdan qandaydir boshqacha bo‘lib o‘tib ketdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay terak yiqilgandek «lopillab» yerga quladi. Temir-tersak yig‘ib yuradigan lo‘lilardan biri Ahrorning yoniga yugurib keldi. Keyin men ham yugurib bordim.

Uni qo‘zg‘atmoqchi bo‘lib turtdim. Ikki marta ingradi. Keyin yordam so‘rab baqirdim. Odamlar to‘plandi. Biroz o‘tib shu yerda joni uzildi».

Shifokorlar nima deydi?

Kun.uz muxbiri marhum yiqilgan kuni olib borilgan tuman tez tibbiy yordam bo‘limida bo‘lib, tibbiyot xodimlari bilan ham suhbatlashdi.

Ikromjon Hasanov

«Bizga Ahror Anvarovni jonsiz holatda olib kelishdi. Jonlantirish bo‘limiga olib kirilgan. Yuzida jarohat izlari bor edi», dedi Quva tumani Tibbiyot birlashmasi qabul diagnostika bo‘limi mudiri Ikromjon Hasanov.

Muzaffar Poziljonov

«2 aprel kuni baqir-chaqir bo‘lib Ahror Anvarovni olib kelishdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri reanimatsiya xonasiga olib kirdik. Bemor bizga kelgunicha joni chiqib bo‘lgan ekan», dedi travmatolog Muzaffar Poziljonov.

Dilshod Abdumajidov

«Ko‘krak qafasi girdobsimon deformatsiyasi kasali bilan operatsiya bo‘lgan ekan. U oldingi kasali ekan, shuni ko‘rdim.

Avval hushini yo‘qotib keyin yiqilgan bo‘lishi ham mumkin. Ko‘p holatda shunday bo‘ladi. Yurak to‘xtaydi, keyin yerga qulaydi odam», dedi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdumajidov.

Qayd etish daftarida ham bemor jonsiz holatda bo‘lgani yozilgan

Surishtiruv davomida marhum Ahror Anvarovning akasi Ahmadjon 2020 yil 1 noyabrdan buyon tuman markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida davolanayotgani, bemorga ayni paytda uning opasi Mohira Anvarova qarab turgani aniqlandi.

Ahmadjon Anvarovga qarayotgan Mohira Anvarova

«Haqiqatni aytsang, o‘sha o‘g‘rilangan mol yarmi senga, yarmi bizga bo‘ladi»

Mohira Anvarova

«Ukam nozirlar bilan urushib qolgan paytda men kasalxonada, ukam Ahmadjonning yonida edim. Urishganini eshitib, unga telefon qildim. O‘tgan safar ham ogohlantirishgan edi. Shu bilan ikki marta maskasiz qo‘lga tushdim, dedi ukam telefonda. 15 sutkaga qamaymiz, deb qo‘rqitishibdi. Tortishuv vaqtida kurtkasi yirtilib ketgan.

«Agar shu mahalladagi xonadonda o‘g‘rilikni sen qilgan bo‘lsang ayt, to‘g‘risini aytsang — o‘sha o‘g‘rilik molining yarmi senga, yarmi bizga bo‘ladi, arra qilamiz», deb ukamni aldashgan nozirlar. Ahrorbek yig‘lab chiqqan. Keyin uyga borib hech kimga gapirmagan.

Uydagilar ismini aytib chaqirishsa ham o‘rnidan turmagan. Qo‘rqib ketganmi, bilmayman. Yotib uxlab qolgan. Tushkunlikka tushgan. Shu paytgacha ukam kasal bo‘lgani haqida eshitgan emasman. Qo‘rqib ketganidan shunday holat bo‘lgan deb o‘ylayman», deydi marhumning opasi.

«Bolamning to‘rt muchasi sog‘ edi, yuragi og‘risa men bilmasmidim» – marhumning onasi

Marhumning onasi Mofilaxon Xalilova

Ahrorning onasi Mofilaxon Xalilova ham farzandi sog‘lom bo‘lganini ta'kidladi.

«31 mart kuni qo‘shnilarimdan Ahrorni IIB xodimlari olib ketgani haqida xabarni eshitdim. Uyga rangi oppoq bo‘lib keldi. Tsexda ishchilarimiz bor edi. Ovqat solib berib, «Ahrorbek yaxshimisan?» dedim. «Ha, yaxshiman ona», dedi.

O‘g‘lim doim xushchaqchaq yurar edi. Tushkunlikka tushganini ko‘rib, nima bo‘lganini so‘radim. «Odam ham shunchalik bo‘ladimi? Nozirlar «O‘g‘rilikni bo‘yningga olsang, ikkimiz bo‘lishib olamiz», dedi. Ongi pastmi bularning, jinni odam ham biladi-ku bu gapni?!» dedi bolam bechora menga. Rangi dokadek oppoq edi. O‘shandan keyin gapirmadi.

Katta o‘g‘limni deb uyimizda halovat yo‘q edi. U akasiga qarayotgan edi. Ahrorjonning qo‘lidan o‘g‘rilik kelmasdi. To‘rt muchasi sog‘ edi. Biror marta biror joyi og‘riganidan shikoyat qilgan emas. Yuragi og‘risa men bilmasmidim.

«O‘g‘lim qo‘rqib ketdingmi?» desam, «yo‘q, qo‘rqqanim yo‘q», dedi. Chunki u bolaning yuragi baquvvat edi. Basavlat edi.

Kurtkasini yirtib tashlashgan ekan nozirlar. Buni endi ko‘rdim. O‘g‘lim «onam siqilmasin», deb kurtka yirtilganini menga atay ko‘rsatmagan ekan. Kurtkani yashirib qo‘ygan ekan. Yirtilganini qo‘shnilardan eshitdim.

O‘zim maktabda ishlayman. 2 aprel kuni ishga chiqdim. Birgalashib choy ichdik. Bolam, men ishga chiqib kelaman, sen sex ishchilariga ovqat olib chiqib ketgin, dedim. Suv ham olib kelib qo‘y dedim. «Xo‘p ona», deb chiqib ketdi.

U soppa-sog‘ edi. Men maktabdan qaysi holatda yugurib keldim, bilmayman. Bolamning badani ko‘kargan edi. Bolamni qisishgan, devorga qisib urishgan bolamni. Orolning suvi quridi, ko‘z yoshim qurimadi. Bitta o‘g‘lim komada, yana biri esa o‘ldi, dardimni kimga aytay», deydi mushtipar ayol.

Marhumning akasi Ahmadjon shu so‘ritokdan yiqilib tushgan.

Marhumning onasi bilan suhbatlashib bo‘lgandan keyin tashqarida nozirlar xonasiga jiyani bilan birga kirib borgan Ahrorning amakisi Umid Xalilov bilan suhbatlashdik. U bilan oldingi safar suhbatlasholmay qaytgan edik.

Umid Xalilov 31 mart kungi voqealarning bevosita guvohi. U jiyani Ahrorga IIB xodimlari tazyiq o‘tkazishmagani, nozirlar xonasiga jiyani bilan o‘zi ham birga kirganini tasdiqladi.

Guvohlarning gap-so‘zlaridan ma'lum bo‘lmoqdaki, tug‘ishgan akasining qariyb 7 oydan beri o‘zini bilmasdan shifoxonada to‘shakka mixlanib yotganidan iztirobda bo‘lgan Ahror Anvarovni mahallaning ichki ko‘chasida tibbiy niqobsiz yurgani bahonasida (aslida o‘g‘rilikda gumon qilib), mashinaga majburlab o‘tqazishgan, mashina ichida unga ruhiy bosim o‘tkazishgan.

Voqeaning eng g‘azablantiradigan jihati — yigitni sariq «Jiguli»ga bosgan uch nafar IIB xodimining o‘zi ham «maska»siz bo‘lgan.

Yaqin jigarining anchadan buyon o‘zini bilmay yotganidan stress holatda bo‘lgan yigitni qilmagan jinoyatda ayblash, ruhiy bosim o‘tkazish uning yuragiga zarba bo‘lmadimikan?

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyayev, Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top