09:38 / 06.04.2021
6431

Sardor Umrzoqov: «Emlash dasturlariga qaramay, pandemiya bu yil tugaydi deb aniq aytib bo‘lmaydi»

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovning fikricha, vaksinatsiyaga qaramay, COVID-19 pandemiyasi 2021 yilda tugamaydi.

«Katta hajmdagi emlash dasturlariga qaramay, pandemiya bu yil tugaydi deb aniq aytib bo‘lmaydi. Oqibatda sarmoyaviy rejalar ortga surilmoqda va qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash to‘plamlari budjetiga katta yuk bo‘lib tushmoqda», - dedi u Toshkentdagi «Innoprom» sanoat ko‘rgazmasida. 

Umrzoqov pandemiya barcha mamlakatlar uchun jiddiy chaqiriqqa aylanib, global iqtisodiyotga, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga zarba berganini va rivojlanishga bosim o‘tkazishda davom etayotganini ta'kidladi.

«Asosiy energiya tashuvchilar va xomashyoning jahon narxlari pasayishi hamda o‘zgaruvchanligi, aviatsiya bozori va turizm sanoatida inqirozni keltirib chiqargan cheklov choralarining joriy etilishi va boshqa bir qator omillar dunyoda yalpi mahsulot keskin pasayishi, jahon savdosi hajmi va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning global oqimi qisqarishiga olib keldi», deya qo‘shimcha qildi vazir. 

Bundan tashqari, pandemiya boshlanganidan keyin davlat resurslarining misli ko‘rilmagan darajada safarbar qilinishi, shu jumladan budjet va monetar rag‘batlantirish choralari «jahon iqtisodiyotini deyarli koma holatiga tushirdi», dedi Umrzoqov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sharoitda iqtisodiyotni raqamlashtirish, yuqori texnologiyalarni jadal joriy etish, sanoat aloqalarini mustahkamlash va xalqaro kooperatsiyani rivojlantirish mamlakatlar uchun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

«Pandemiya to‘rtinchi sanoat inqilobini, aqlli texnologiyalarni, internet buyumlar va sun'iy intellektni rivojlantirishni tezlashtirishi mumkin bo‘lgan aloqasiz (kontaksiz) iqtisodiyotga ehtiyoj tug‘dirdi. Onlayn ish, ko‘ngilochar soha, savdo, davlat boshqaruvi va ta'limga o‘tish zamonaviy rivojlanishning tabiiy tendensiyasiga aylanmoqda. Postkovid davrdagi chaqiriqlarga iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish uchun texnologik o‘zgarishlarni rag‘batlantirish o‘ziga xos javob bo‘lishi kerak», deya qo‘shimcha qildi Umrzoqov. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top