07:57 / 06.04.2021
6366
Shaxsiy va oilaviy budjet: uy-xo‘jalik moliyasini yuritish nima uchun muhim?

Keraksiz xarajatlardan qochish, oy oxiriga borib moliyaviy qiyinchilikda qolmaslikning muhim shartlaridan biri – shaxsiy yoki oilaviy budjet yuritish. Shu orqali siz o‘z moliyaviy imkoniyatlaringiz va ehtiyojlaringiz o‘rtasidagi farqni aniq bila olasiz.

Foto: scriptnotesshow

Umumiy qoidaga ko‘ra, shaxsiy budjet yuritish uchun birinchi navbatda siz daromadlaringiz manbalarini aniqlab olishingiz lozim. Qaysi manbadan qancha mablag‘ kelishiga qarab, o‘rtacha oylik daromadingizni hisoblaysiz. Daromadlar prognozlarini tuzgach, xarajatlar smetasini tuzasiz va birinchi navbatda eng zaruriy, kechiktirib bo‘lmas xarajatlaringizga mablag‘ ajratasiz.

Aytishga osondek ko‘rinsa-da, aslida shaxsiy budjet yuritish vaqt, qat'iyat va intizom talab qiladi. Shu bilan birga, kishida bu xususiyatlarni shakllantiradi ham.

Shu o‘rinda, shaxsiy budjetga qaraganda oilaviy budjet yuritish murakkabroq ekanini ta'kidlash zarur. Keling, dastavval «uy-xo‘jalik moliyasi» tushunchasiga to‘xtalsak.

Uy xo‘jaligi tushunchasi

BMT tavsiya qilgan standartga ko‘ra, uy-xo‘jaligi bu – bir uyda birga yashayotgan, umumiy fondga o‘z daromadlari va boyliklarini to‘liq yoki qisman o‘tkazayotgan, ayrim tovar va xizmatlarni birgalikda iste'mol qilayotgan kishilarning katta bo‘lmagan guruhidir.

Uy xo‘jaliklari va ularning alohida a'zolari ishtirokida maqsadli fondlarni shakllantirish, taqsimlash va foydalanish jarayonida vujudga keladigan pul munosabati esa uy-xo‘jalik moliyasi deyiladi.

Aksariyat iqtisodiy adabiyotlarda uy-xo‘jalik moliyasi xonadon yoki oila atamalari bilan almashtiriladi. Ammo uy-xo‘jalik atamasi oilaga nisbatan cheklangan xarakterga ega. Masalan, bir xonani ijaraga olgan talaba uy egasining uy-xo‘jalik tarkibiga kiradi, ammo uning oilasi hisoblanmaydi. Boshqacha aytganda, uy xo‘jaligi qarindosh bo‘lmaganlar yoki bir kishidan iborat bo‘lishi ham mumkin.

Bir joyda birga yashash, budjet umumiyligi, iqtisodiy qarorlarni birgalikda qabul qilish – uy xo‘jaligining mezonlari hisoblanadi.

Uy-xo‘jalik moliyasi tushunchasi amerikalik iqtisodchi, Nobel mukofoti sovrindori Gari Bekergacha yaxshi o‘rganilmagan. 1960 yillardan boshlab Bekerning faoliyati natijasida oila va uy-xo‘jalik moliyasi tushunchasi mavzu sifatida o‘rganila boshlandi. Beker uy xo‘jaliklarini iste'mol va ishlab chiqarish birligi deb ta'rifladi. Uning fikriga ko‘ra, uy xo‘jaligi a'zolarida qancha kam bo‘sh vaqti bo‘lsa, uy xo‘jaligining daromadi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Shaxsiy va uy-xo‘jalik budjetini yuritish moliyaviy intizomni oshiradi

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, ko‘pchilik oilaviy budjet deganda faqat daromad va xarajatlarni qayd etib borishni va bu orqali pul tejab qolishni nazarda tutadi. Aslida bu ancha kengroq o‘lchovlar va harakatlarni o‘z ichiga oladi. Oylik, choraklik, yillik daromadlarni oldindan xomcho‘tlash, bo‘lajak xarajatlarning eng asosiylarini oldindan belgilash, jamg‘arma yig‘ib borish, ayrim xarajatlarni keyinga o‘tkazish, qarz va kreditlarni to‘lashni o‘tkazib yubormaslik, ustuvor xarajatlar, kechiktirib bo‘lmas xarajatlar, voz kechish mumkin bo‘lgan xarajatlar shularning ayrimlari xolos.

Otabek Bakirov ilk marta maosh olgandan beri shaxsiy budjetini yuritib boradi.

«Umuman olganda, oilaviy va shaxsiy budjetni doimiy ravishda yuritish moliyaviy intizomni oshiradi, jamg‘armalar shakllantirib borishga, ularni tabiiyki ish haqi bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlar topishga yo‘naltirishga turtki beradi. Moliyaviy savodxonlikning ibtidosi ham taxminan shundan boshlanadi. Mamlakat iqtisodiyoti moliyaviy savodxon va hisobli uy xo‘jaliklari mavjudligidan faqat yutadi», – deydi u.

Asaxiy.uz loyihasi asoschisi, tadbirkor Firuz Allayevning aytishicha, u 4 yildan buyon mobil telefondagi maxsus dastur orqali oilaviy budjetni yuritadi. Tadbirkor agar xarajatlarni rejalashtirib, pul qayerdan kelib qayerga ketayotgani hisobga olinmasa, oyiga 100 million so‘m ishlatsa ham mablag‘ yetishmaydi deb hisoblaydi.

O‘zbekiston–Buyuk Britaniya savdo uyi asoschisi Mirshod Shakirov esa Birlashgan Qirollikda yashab yurgan paytlaridan, ya'ni 2012 yildan beri shaxsiy va oilaviy budjetini yuritishini aytadi.

«Budjetimni Microsoft office'da har hafta kirim-chiqim va kutilayotgan xarajatlar kiritiladigan jadval ko‘rinishida yuritar edim. Lekin 2017 yildan beri «Domashnyaya buxgalteriya» degan telefon hamda kompyuter ilovasidan foydalanaman.

Oilaviy va shaxsiy budjetni yuritish maqsadga erishishni osonlashtiradi. Moliyaviy erkinlikka yetishish aslida pulni to‘g‘ri ishlata bilish san'atidan boshlanadi. Bu farzandlarim psixologiyasiga va tarbiyasiga ijobiy ta'sir qiladi. Har bir narsada me'yor bo‘lish zarurligini o‘rgatadi», – deydi Mirshod Shakirov.

XMT tadqiqoti: So‘ralganlarning oylik chiqimlarida 83 foizni birlamchi xarajatlar tashkil etadi

O‘zbekistonda hozircha qancha aholi shaxsiy yoki uy-xo‘jalik budjetini yuritishi haqida statistika yo‘q.

Covid-19ning O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga ta'siri borasida Xalqaro mehnat tashkiloti e'lon qilgan so‘nggi hisobotda keltirilishicha, so‘rovnomada qatnashgan respondentlarning 60 foizi bir oiladan iborat uy xo‘jaliklarida; 27 foizi ikki oilali, 13 foizi uch yoki undan ortiq oilaga ega uy xo‘jaliklarida yashaydi.

Shuningdek, oziq-ovqat, transport, kiyim-kechak va dori-darmon uy xo‘jaligi iste'molining 83 foizini tashkil qiladi.

Bu hisobotdagi qiziq ma'lumotlardan yana biri, so‘rovnomada ishtirok etgan 50 foiz respondent iste'molni tejash orqali xarajatlarni qoplashini ma'lum qilgan.

Ta'kidlash mumkinki, daromadlar birlamchi xarajatlarga ham yetmasligi uy-xo‘jalik moliyasini yuritmaslik uchun sabab bo‘la olmaydi. Shaxsiy va oilaviy budjet hisob-kitobini qilish aholining barcha toifalari uchun birdek ahamiyatga ega.

Umuman olganda, aholining uy-xo‘jalik moliyasini yuritishi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi: jamiyatda moliyaviy savodxon va hushyor kishilar ko‘p bo‘lishi daromadlar to‘g‘ri taqsimlanishi, jamg‘arilishi, kredit-qarz munosabatlarida noxush holatlarning kamayishiga xizmat qiladi.

Ya'ni fuqarolar shaxsiy va uy-xo‘jalik budjetini yuritish orqali nafaqat o‘z moliyaviy holati barqarorligini saqlaydi, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy ta'sir qiladi.

Madina Ochilova

Top